Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyida “Markaziy Osiyo kitobat sanʼati va miniatyurasi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Jahon madaniyatidan munosib oʻrin egallagan, Sharq xalqlarining mushtarak badiiy merosi hisoblanadigan miniatyuralar kitobat sanʼatining tarkibiy qismi boʻlib, ular qadimgi nodir qoʻlyozmalarni ziynatlash barobarida, mazkur asarlardagi ilgʻor insonparvarlik gʻoyalarini, ezgu intilish hissini, goʻzallik toʻgʻrisidagi tasavvurni ifodalashga ham xizmat qiladi.

Turli sanʼatkorlar – xattot, musavvir, muzahhib, muqovasoz, jadvalkash va boshqalarning ijodiy hamkorligida yaratilgan nodir qoʻlyozmalar oʻsha davr ijtimoiy-madaniy hayotini, badiiy-estetik qarashlarini oʻrganishda muhim manbadir.

Joriy yilning sentyabr oyida Istanbul shahridagi Toʻpqopi saroyi, Turk va islom asarlari muzeylari fondida saqlanayotgan Alisher Navoiy portreti hamda 18 xil miniatyura va bezaklar nusxasining Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyiga sovgʻa qilinishi muzey fondini XIV-XVI asr kitobat sanʼati durdonalari bilan boyitdi.

Tadbirda muzeyda namoyish etilayotgan XIV-XVI asr Samarqand, Buxoro miniatyura maktablari namunalari boʻyicha olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar haqida soʻz bordi. Miniatyura sanʼatini yanada keng targʻib etish masalasi muhokama qilindi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA