Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Qoʻchqor Norqobilning “Bu yerlarda hayot boshqacha”, Abduqayum Yoʻldoshevning “Osmon ogʻushi”, Luqmon Boʻrixonning “Titrayotgan togʻ” hamda Isajon Sultonning “Hazrati Xizr izidan” asarlari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Unda davlat va jamoat tashkiloti vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, maʼnaviyat targʻibotchilari, professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori mazkur ishlar rivojida muhim hujjat boʻlmoqda.

Taqdimotda eʼtirof etilganidek, Gʻofur Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa-ijodiy uyi tomonidan nashr etilgan mazkur asarlarda turli sohalarda oʻz kasbining mohir ustasi, zamon bilan hamnafas, xalq va vatan uchun yashaydigan oddiy insonlarning hayoti rang-barang mavzularda yoritib berilgan.

Xususan, Abduqayum Yoʻldoshevning “Osmon ogʻushi” asarida Jizzaxning dashtu biyobonlarida, orzular ogʻushida ulgʻaygan bolakayning koʻngil kechinmalari, Isajon Sultonning “Hazrati Xizr izidan” asarida esa dunyo yaratilishiga qiziquvchi qahramonning rangin oʻy-xayollari qalamga olinadi.

Luqmon Boʻrixonning “Titrayotgan togʻ” asarida yigirma birinchi asrning birinchi oʻn yilligidagi moʻjizalardan biri – “Toshkent –Qumqoʻrgʻon” temir yoʻli qurilishi badiiy boʻyoqlarda aks etgan. Bunda soha xodimlarining ish va ishdan keyingi hayoti, yashash tarzi hamda ularning kasbiga boʻlgan sadoqati mohirona tasvirlangan.

Qoʻchqor Norqobilning “Bu yerlarda hayot boshqacha” kitobida esa vatanga boʻlgan muhabbat va odamlarning yashash sharoiti gavdalantirilgan. Shuningdek, kitobdan “Oʻq tomir” nomli kino qissasi ham joy olgan boʻlib, unda vatan, chegara himoyachilari haqida hikoya qilinadi.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA