AQSH delegatsiyasining uchrashuvlari

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 19-noyabr kuni kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi AQSH Kongressi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev Oʻzbekiston – AQSH munosabatlari koʻplab sohalarda, jumladan, parlamentarizm yoʻnalishida izchil rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyida AQSHga tarixiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar natijasida ikki tomonlama hamkorlik yanada rivojlangani qayd etildi.

AQSH Kongressi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi okeanorti diyorining yurtimiz bilan hamkorlikni kuchaytirishga qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. AQSH Kongressida “Oʻzbekiston boʻyicha kokus” tuzilgani fikrimizning tasdigʻidir. Ushbu tuzilma parlamentlararo aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirish, Oʻzbekiston va AQSHdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar mohiyatini samarali tahlil qilish imkonini beradi.

Oʻzbekistonda ilgʻor xorijiy tajriba, jahon ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalar asosida iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirishda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda delegatsiya aʼzolariga mamlakatimizdagi qonun ijodkorligi, parlament quyi palatasi qoʻmitalari va institutlari, doʻstlik guruhlari faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shu kuni AQSH Kongressi delegatsiyasi yurtimizdagi qator vazirlik va idoralarda ham boʻlib, siyosiy-iqtisodiy munosabatlarni yanada faollashtirishga doir tashkil etilgan muzokaralarda ishtirok etdi.

10.JPG

11.JPG

 

Zuhra Mirzaboyeva, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA