“Abadiyat ostonasida“ kitobini varaqlab...

Oʻzbekiston xalq shoiri Jamol Kamolni katta va oʻrta avlod vakillari yaxshi biladi. Kimdir qalami oʻtkir shoir, deb bilsa, kim uchundir u jahon klassik adabiyoti namunalarining mohir tarjimoni.

“Abadiyat ostonasida“ kitobida yurtimiz mustaqilligi arafasi va mustaqillik yillarida bitilgan, jamiyat hayotining dolzarb masalalariga bagʻishlangan maqolalari, ijodkorlar haqidagi adabiy mushohadalari, xotiralari jamlangan. Kitob soʻnggida “Chor darvesh va Zarafshon yodi“ kinoqissasi ham ilova etilgan.

jamol.jpg

Kitobning dastlabki sahifalaridayoq ijodkorning dadil fikrlari, teran mulohazalari, oʻtkir tahlillarga boy tafakkur shamoliga duch kelasiz. “Umid chirogʻi qachon yonadi?“ sarlavhali materialda Orol dengizi fojiasi haqidagi tahlil, fakt, raqamlarga boy fikrlar berilgan. Ijodkorning bundan chorak asr muqaddam yozgan ushbu publitsistik asarida aytilgan “Xalq koʻp yillardan beri Orolni muhokama qiladi. Baliqchilar, paxtakorlar, jurnalistlar, agronomlar, oʻqituvchilar, olimlar – xullas, hammaning yuragida Orolning qaygʻusi bor. Birovlar unga oʻlim hukmini chiqarsa, chiqaraversin, lekin xalq oʻz dengizining oʻlishini istamaydi“, degan fikrlar bugungi kun uchun ham dolzarbdir.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻtkazilgan “Abadiyat ostonasida“ kitobining taqdimotida adabiyotshunoslar, olimlar, talaba-yoshlar mana shunday oʻtkir mulohazalar, fikrlar egasi Jamol Kamol suhbatidan bahramand boʻldi.

– Ijodkorlar bilan uchrashish hamisha bayram maqomida boʻladi, – deydi professor Narzulla Joʻrayev. – Jamol Kamol kabi tarjimon, shoirlar kamdan-kam tugʻiladi. Bu inson xalqimiz, adabiyotimiz, umuman maʼnaviyatimiz uchun juda katta xizmat qilib kelmoqda.

Tadbir soʻnggida shoir sheʼrlarini mahorat bilan oʻqigan, shoirga eng mazmunli va qiziqarli savol bergan talabalarga muallif dastxati tushirilgan Jamol Kamol “Saylanma“sining uch jildi sovgʻa qilindi.

5.jpg

9.jpg
18.jpg
20.jpg
23.jpg
25.jpg
26.jpg

 

Inobat Ahatova, Muhammad Amin (surat), OʻzA