Italiyada oʻtkazilgan “Italian break” xalqaro yosh rassomlar festival-tanlovida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Respublika ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatining ikki nafar oʻquvchisi birinchi va ikkinchi oʻrinlarni egalladi.

Oʻndan ortiq mamlakatlardan iqtidorli yosh rassomlar ishtirok etgan festival-tanlovda Respublika ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatining 11-sinf oʻquvchisi Aziza Shoymurodovaning “Qishloqdagi toʻy” nomli ijodiy ishi tanlov hayʼati tomonidan yuqori baholanib, birinchi oʻringa munosib topildi. Shu maktabning 6-sinfida tahsil olayotgan Munisa Bahodirova esa ikkinchi oʻrinni egalladi.

Quvonarli yana bir jihati, tanlovda gʻolib qizlarimiz 2019-yili Ispaniyada oʻtkaziladigan tanlovda qatnashish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

 

N.Usmonova,OʻzA