Mirzo Ulugʻbek madrasasida mushoira

Samarqand shahridagi Mirzo Ulugʻbek madrasasida oradan olti asr oʻtib yana turkiyzabon ijodkorlarning sheʼrlari yangradi.

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi, Respublika yosh ijodkorlar kengashi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi tomonidan tashkil etilgan “Samarqand sheʼr oqshomlari” turkiyzabon yosh ijodkorlar anjumani ushbu tarixiy maskanda boshlandi.

Tadbirda yurtimiz yosh ijodkorlari bilan birga Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Ozarbayjondan kelgan isteʼdodli yigit-qizlar qatnashmoqda.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Nodir Jonuzoq, Oʻzbekiston xalq shoirlari Xurshid Davron va Usmon Azim turkiy xalqlarning mushtarak madaniyati, adabiyoti haqida soʻz yuritdi. Ushbu xalqlar ijodkorlarining azaliy hamkorligi bugun ham davom etayotgani qayd etildi. Ilk bor oʻtkazilayotgan mazkur tadbir adabiy aloqalarni yanada mustahkamlash, yosh ijodkorlarning oʻzaro tajriba almashishlariga xizmat qilishi taʼkidlandi.

– Keyingi yillarda mamlakatimizning mintaqa hamda turkiy tilli davlatlar bilan turli sohalardagi hamkorligi rivojlanib bormoqda, – deydi Respublika yosh ijodkorlar kengashi raisi M.Abbosova. – Biz ham bundan ruhlanib, ushbu anjumanni oʻtkazishga ahd qildik. Bu orqali tengdoshlarimizning ijodi bilan yaqindan tanishish, adabiy aloqalarimizni kuchaytirish imkoniyatiga ega boʻlganimizdan baxtiyormiz.

Uch kunlik anjuman davomida mushoiralar, davra suhbatlari va yurtimizning taniqli shoir va adabiyotshunoslari bilan uchrashuvlar, mahorat mashgʻulotlari oʻtkazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Samarqanddagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni ham ziyorat qiladi.

4.JPG

1.JPG
5.JPG

 

Gʻ.Hasanov, A.Isroilov (surat), OʻzA