Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Oʻzbekiston xalq rassomi Bahodir Jalol tavalludining 70 yilligi munosabati bilan rassomning “…Va oʻshanda barchasi boshlandi!” nomli shaxsiy koʻrgazmasi ochildi.
Unda davlat va jamoat tashkiloti vakillari, taniqli rassomlar, maʼnaviyat targʻibotchilari, akademiklar, keng jamoatchilik va jurnalistlar ishtirok etdi.
Koʻrgazmada rassomning 100 ga yaqin asarlari namoyish etildi.
Bahodir Jalol Sharq kalligrafiyasidan ilhomlanib abstrakt asarlarda oʻz izlanishlarini davom ettirmoqda. Rassomning yangi loyihalarida koʻplab madaniy iboralar va birikmalar bor. Uning Yevropaning buyuk ustalari hamda anʼanaviy oʻzbek sanʼati estetikasiga murojaati oʻrganilmagan olamni ochish bilan tengdir.
Rassom asarlarini kuzatarkansiz, buyuk avlodlari singari yuksaklikka, oʻziga xos uygʻunlikka intilishi, dramatik tuygʻularni his etishga loqayd emasligini sezish mumkin. Ijodkor yangi loyihalari bilan shafqatsizlik va loqaydlikka, xunrezliklarga qarshi kurashadi.
Koʻrgazma 29-noyabrgacha davom etadi.