matyoqub-qushjonov.jpgOʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, akademik Matyoqub Qoʻshjonov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan ijodiy kecha boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda barcha sohalar qatorida milliy adabiyotimiz rivojini yangi bosqichga koʻtarish, aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar olib borilayotganini taʼkidladi. Adabiyotimizning serqirra namoyondasi Matyoqub Qoʻshjonovning hayoti va ijodi haqidagi unutilmas xotiralar yodga olindi.

Adabiyotshunos domlaning asosiy ilmiy ishlari XX asr oʻzbek adabiyotining rivojlanish tamoyillari, adabiy tanqid va adabiyotshunoslik metodologiyasi muammolari, adabiyot nazariyasi hamda yozuvchi mahorati masalalariga bagʻishlangan. Tadqiqotlarida A.Qodiriy, A.Qahhor, Oybek, P.Qodirov, O.Yoqubov, A.Oripov kabi yozuvchi va shoirlarning mahoratini koʻrsatib bergan, badiiy asarlardagi syujet, kompozitsiya, xarakter va konflikt masalalarini tahlil qilgan.

Olimning “Tepki bosildi”, “Alam”, “Dagish”, “Armon” va “Oʻzbekning oʻzligi” kabi badiiy-biografik asarlari koʻplab muxlislariga ega. Shuningdek, ikki jildlik “Adabiyot nazariyasi”, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”, “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat” va besh jildlik “Oʻzbek adabiyoti tarixi” nashrlarining yaratilishida oʻz hissasini qoʻshgan.

Matyoqub Qoʻshjonovning samarali xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholandi. Domla “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA