Navoiy shahridagi Sanʼat galereyasida yaponiyalik olim, fotorassom, Navoiy shahrining faxriy fuqarosi Daysaku Ikedaning “Tabiat bilan suhbat” nomli fotokoʻrgazmasi ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va shahar hokimligi masʼullari, taniqli ijodkorlar, taʼlim muassasalari rahbarlari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston va Yaponiya davlatlari oʻrtasida barcha sohalarda boʻlgani kabi madaniy yoʻnalishda ham aloqalar tobora rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
– Ushbu koʻrgazma Oʻzbekiston-Yaponiya diplomatlik aloqalarining 25 yilligiga hamda shahrimizning 60 yillik bayramiga munosib tuhfa boʻldi, – dedi Navoiy shahri hokimi M.Bozorov. – Namoyish etilayotgan asarlarda ajoyib tabiat manzaralari, dunyoning turli joylaridagi insonlar hayoti, Yaponiya manzaralari oʻziga xos ifoda etilgan.
Ijodkorning “Gavayi orollari”, “Fudzi togʻi”, “Yaponiyadagi Soka universiteti”, “Niagara sharsharasi” kabi asarlari koʻrgazma qatnashchilarida katta taassurot qoldirmoqda.