Jayxundek joʻshqin satrlar sohibi

Yangiboy ogʻa xuddi oʻzidek samimiy, dildan, zavq va mehr, yurtiga, yurtdoshlariga tengsiz muhabbat bilan yozadi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, jurnalist va tarjimon, essenavis ijodkor Yangiboy Qoʻchqorov ijodiga bagʻishlangan maʼrifiy-adabiy kecha boʻlib oʻtdi.
“Adabiyot quyoshi hamisha munavvar boʻlsin“ deb nomlangan mazkur uchrashuvga yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, oliy taʼlim dargohlarining professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar, soʻz sanʼati muxlislari taklif etildi.
Mamlakatimizda sanʼat va madaniyat, adabiyot sohasida mehnat qilayotgan ijodkorlarning emin-erkin faoliyat koʻrsatishi, ularning samarali ijod qilishi uchun zarur sharoit yaratish borasida keng qamrovli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda fidoyi, jonkuyar, oʻz ustida tinim bilmay izlanuvchi qalamkashlar asarlarni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib etish, ularning yaxshi kitobga boʻlgan mehri va ixlosini kuchaytirishga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.
Yangiboy Qoʻchqorov sarhad bilmas, yerlari osmon bilan tutashib ketgan qoraqalpoq zaminida tugʻilib voyaga yetdi. Oliy bilim dargohini tamomlagach, koʻp yillar mobaynida respublikaning yetakchi bosma ommaviy axborot vositalarida samarali mehnat qildi. Yurtimiz hayotida kechayotgan shiddatli islohotlar, istiqlolning, tinch va osoyishta kunlarimizning, zahmatkash hamyurtlarimiz mehnatining qadr-qimmati uning maqolalari, hikoya va esselarida ustuvor oʻrin egallaydi.
Shoirning, ayniqsa, 2012 yilda chop etilgan “Jayxun boʻlib oqqan soʻz” nomli kitobida 50 mumtoz va hozirgi zamon qoraqalpoq shoirlaridan qilgan tarjimalari, 40 adib hamda shoirlarimiz haqidagi esse, etyudlari berilgan.
Ijodkorning yaqindagina “tandirdan uzilgan“ kitoblari – “Kumush choʻqqi yogʻdulari“ asari ikki qismdan iborat. “Istiqlol dovonida“ deb nomlangan ilk boʻlimda adabiyotimizning yaqin oʻtmishi va buguni haqidagi sermazmun oʻy-fikrlar bilan tanishish imkoniyati yaratilgan. Kitobning ikkinchi qismida esa Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov hamda unga zamondosh adiblar ijodiga teranroq nazar tashlangani bilan ahamiyatlidir. Ijodkor tarjima qilgan toʻplamlar – “Navoiydan savod ochdim“ kitobi mumtoz va zamonaviy qoraqalpoq sheʼriyatidan muxlislarni bahramand etsa, “Qozoqning qirq oqinidan qirq oʻlan“ kitobi mumtoz va hozirgi zamon qozoq sheʼriyati bilan kitobxonlarni yaqindan tanishtiradi.
Maʼrifiy kechada ijodkorning yaqinda chop etilgan kitoblarining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Yangiboy Qoʻchqorov ijodining oʻziga xos jihatlari, uning ibratli insoniy fazilatlari, serqirra ijod yoʻli, kelgusidagi rejalari xususida batafsil soʻz yuritildi.

 

N.Usmonova, OʻzA