Musiqachilarning muloqot maydoni

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi hamkorligida “XXI asr musiqa sanʼati: muammo va yechimlar“ mavzuida xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi.
Konferensiya ishida Avstraliya, Vyetnam, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston kabi davlatlarning musiqachilari, olimlari ham ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 avgustda mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan oʻtkazgan tarixiy uchrashuvi sanʼat, adabiyot, ommaviy axborot vositalari, madaniy-maʼrifiy hayotimizda yangi bosqichni boshlab berdi.
Bu uchrashuv musiqa sohasi vakillari zimmasiga yoshlarning musiqiy didini toʻgʻri shakllantirish, xalqimizni yuksak saviyali, mukammal, puxta musiqiy asarlardan bahramand etish, ijodiy tashkilotlar faoliyatini yanada jonlantirish, ular oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdek dolzarb vazifalarni qoʻymoqda.
Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi tomonidan oʻtkazilayotgan turli festivallar, mahorat saboqlari, ijodiy uchrashuvlar yurtimiz va xalqaro musiqiy jamoatchilikning oʻzaro fikr va tajriba almashishida, repertuarlari bilan atroflicha tanishishida muhim muloqotlar maydoni boʻlib xizmat qilmoqda.
– Bugun musiqachilar oldida turgan vazifalarni keng va atroflicha muhokama etish, bir-birimizning faoliyatimiz bilan yaqindan tanishishda xalqaro konferensiya va festivallar gʻoyat katta ahamiyat kasb etadi, – deydi vyetnamlik musiqachi Do Xong Kuang. – Yurtingizda xalqaro simfonik musiqa festivali doirasida tashkil etilgan bunday konferensiya ijodiy muloqotlarimiz qamrovini tobora kengaytirish va mustahkamlash imkonini berayotgani bilan ham gʻoyat qadrlidir.
Anjumanda muhokama etilgan maʼruzalar yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

N.Usmonova, OʻzA