Uni adabiyot muxlislari fikrlar shoiri, el shoiri, Shayx aka, ustoz, muhtojlarga doim koʻmak qoʻlini uzatgan, nolishni bilmagan, dilbar inson, olim shoir sifatida taʼriflaydilar.

maqsud.jpgOʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda atoqli shoir Maqsud Shayxzoda tavalludining 110 yilligiga bagʻishlangan adabiy kechada sheʼriyat ixlosmandlari mehrini qozongan shoir hayoti, faoliyati, benazir ijodi, chin insoniy fazilatlari xususida atroflicha fikr yuritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi Ibrohim Gʻafurov, adabiyotshunos olim Naim Karimov, Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Nodir Jonuzoqov, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir va boshqalar mamlakatimizda milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish, isteʼdodlarga har jihatdan koʻmak koʻrsatish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalari doimiy eʼtiborda ekanini taʼkidladi.

Bu jarayonda soʻz sanʼati ravnaqiga betimsol hissa qoʻshgan adib va shoirlar adabiy merosini chuqur oʻrganish, ulardan yoshlarni bahramand etish, ustoz ijodkorlar xotirasini eʼzozlash va abadiylashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Adabiyotshunoslarning fikricha, Maqsud Shayxzoda mustabid tuzumning tazyiq va tahdidlariga qaramay zavq-shavq bilan, joʻshqin ruhda ijod qilgan, mehribon, gʻamxoʻr inson edi. Uning sheʼriy uslubi gʻoyat shirinligi, teran falsafiy gʻoyalarga yoʻgʻrilgani, hayotiy hikmatlarga boyligi bilan qimmatlidir. Bugun yurtimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida yosh avlod Shayxzoda ijodini puxta oʻrganishi, uni qayta kashf etishi gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda Maqsud Shayxzoda ijodidan namunalar oʻqildi. Uning asarlari, hayoti, faoliyatiga bagʻishlangan kitoblar va fotokoʻrgazma tashkil etildi.

 

N.Usmonova, OʻzA