Choʻpon eshitgan nido

Choʻpon eshitgan nido
Sirojiddin akaga!
Hasrat tayogʻiga suyanma, choʻpon,
Qoʻrquv va umiddan loying qorganman.
Tavakkal dashtiga hayda molingni
Bahoringni yomgʻir-qorga berganman.
Qara, burgut tepdi — oʻnglanmas arslon,
Chop, umid gʻoriga berkingin choʻpon.
Bil: yulduz qoʻshilmay tugʻilmas sulton,
Yukni koʻtarmoqni norga berganman.
Bir zamonda yerni supurgan edim,
Ummonni oy boʻlib chaqirgan edim,
Bobongni kemaga yashirgan edim,
Goh bulbul tuxumin morga berganman.
Quyoshdan qarasang, koʻrinmas zamin,
Toʻldirmoq shart edi taqdirning kamin.
Toshbaqadan ortda qolganing sayin,
Keng dashtni bir ichi torga berganman.
Choʻpon, moling qani, uyquchi choʻpon?
Beadoq yayloving asli zoʻr zindon,
Eshak bogʻlamagin — tashladim arqon,
Uning bir uchini Yorga berganman.
Neniki soʻrading, barini berdim,
Goh qopqon, goh qashqir shaklida turdim,
Boʻrining ahvolin qoʻylardan soʻrdim,
Ey, Yoʻq, nasibangni Borga berganman.
Hasrat darasida oʻltirgan choʻpon,
Qoʻrquv kamarida oʻltirgan nolon,
Umid sahrosida daydigan sarson,
Ey, ilon iniga qoʻl tiqqan nodon,
Toshbaqa parvozin sorga berganman,
Yoʻqning nasibasin Borga berganman.
Shodmonqul Salom

 

O’zA