Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, investitsiya loyihalari ijrosining borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2-3-iyun kunlari Andijon viloyatida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari 2-iyun kuni aholining dam olishi uchun munosib sharoitlar yaratish, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish, yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi korxonalari tashkil etish, eksportni kengaytirish loyihalari bilan tanishdi, yangi namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylarda bo‘lib, odamlar bilan suhbatlashdi. Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu tadbirlarda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, jumladan, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Prezidentimiz 3-iyun kuni Andijon shahridagi “Yoyilma” mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrifi chog‘ida mahalla hayoti bilan tanishdi, odamlar bilan muloqot qildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini guzari qurilishi loyihasi, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda mahalla raisi, kotib va maslahatchilar, profilaktika inspektori uchun alohida xizmat xonalari bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, kutubxona, minimarket, qariyalar dam olish joyi, bolalar maydonchasi, favvora, trenajyor maydoni, sartaroshxona, “Go‘zallik saloni”, novvoyxona qurilmoqda.
Mahalla ahli bilan muloqotda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash va adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda nuroniylarning boy tajribasidan foydalanish masalalari haqida so‘z yuritildi.
Farzandlarimizni bolaligidan go‘zal xulqli, madaniyatli qilib tarbiyalashimiz lozim, dedi Prezidentimiz. Buning uchun munosib sharoit yaratishimiz kerak. Ular chiroyli, obod joylarda yashasa, ko‘p kitob o‘qisa, ma’naviy olami boy, vatanparvar bo‘lib voyaga yetadi.
Yoyilma mahallasidagi 60 dan ortiq ko‘p qavatli uyda 5 ming 800 dan ziyod turli millat vakillari istiqomat qiladi. Hududda 8 bolalar maydonchasi, mini-futbol, basketbol, futbol maydonlari bor. 1 kollej, 1 umumta’lim maktabi, 2 maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Prezidentimiz mahalladagi ko‘p qavatli uylar, kollej, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari atrofini yanada obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Mahalla profilaktika inspektori Farrux G‘aniyev xonadonida bo‘ldi.
Profilaktika inspektorlarini mahallalar markazida xizmat uylari bilan ta’minlayotganimiz bejiz emas, dedi Shavkat Mirziyoyev. Profilaktika inspektori mahallada yashab, faollar bilan bamaslahat ish olib borsa, hududda ma’naviy muhit yaxshilanadi, jinoyat sodir etilmaydi. Bu aholining adolatga, davlatga, ertangi kunga ishonchini oshiradi.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 22-noyabrdagi qaroriga muvofiq Andijon shahrida ko‘p qavatli 37 zamonaviy uy-joy bunyod etilishi belgilangan. Bugungi kunda Sulton Jo‘ra nomidagi mahalla fuqarolar yig‘inida 294 xonadonga mo‘ljallangan yettita ko‘p qavatli turar joy bunyod etilmoqda.
Bu turar joylar birinchi galda uyga muhtoj odamlarga beriladi. Yosh oilalarning oyoqqa turib olishi, mustaqil, emin-erkin yashashi uchun sharoit yaratadi.
Andijon shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Andijon shahrining bosh rejasiga muvofiq shahar hududini kengaytirish rejalashtirilgan. Ko‘p qavatli uy-joylar, ta’lim, tibbiyot va sport muassasalari qurilishi mo‘ljallangan.
Universal sport majmuasi ulardan biri. Majmua loyihasini takomillashtirish, faoliyatini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Majmua ko‘p tarmoqli, ko‘plab sport turlariga ixtisoslashgan bo‘ladi. Sport federatsiyalari shu yerga joylashadi. Majmuada xalqaro musobaqalar, ommaviy-madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun zarur sharoit yaratiladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Andijon shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xiyoboni va maktabi tashkil etilmoqda. Bu boradagi rejalar bilan tanishuv chog‘ida xiyobonda Muhammad Yusuf haykalini o‘rnatish, maktab faoliyatini zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Andijon shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya va Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallarini tashkil etish, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasini rekonstruksiya qilish va zamonaviy jihozlash rejalashtirilgan.
Bu shifoxonalar ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, murakkab jarrohlik amaliyotlarini viloyatning o‘zida o‘tkazish, kasalliklarni samarali davolash va ularning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aholi hayoti, salomatligi bilan bog‘liq bu shifoxonalarni tezroq ishga tushirish, viloyat tumanlarida ularning subfiliallarini tashkil etish, malakali mutaxassislar tayyorlash, profilaktika ishlarini kuchaytirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari eski «Andijonmash» aksiyadorlik jamiyatida bo‘ldi. Bu yerda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan kichik sanoat zonasi loyihasi bilan tanishdi.
Bo‘sh turgan yer maydoni 19,16 gektar bo‘lgan mazkur hududda tashkil qilinadigan sanoat zonasida yengil sanoat, elektrokabel, charm-poyabzal mahsulotlari, eshik-rom, mebel, dori-darmon, plastmassa va qurilish materiallari ishlab chiqariladi, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari qayta ishlanadi. 2 ming yangi ish o‘rni ochiladi.
Sanoat zonasida tadbirkorlar va tijorat banklari tomonidan 127 milliard so‘mlik 15 loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
“Engelberg Group” MChJning yangi fabrikasi ana shu loyihalardan biri. Alyumin profilli romlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona Turkiya va Germaniyadan keltiriladigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi. “Rohat savdo servis” MChJ tomonidan suspenziyalar, tibbiy mazlar, ampulalar, sirop va tabletkalar ishlab chiqariladi.
Prezidentimizning 2017-yil 23-fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan viloyatda izchil ishlar olib borilmoqda.
Viloyatdagi xususiylashtirilgan va bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Bu borada shahar va tumanlarda qo‘shimcha xatlov ishlari olib borilmoqda. Shu kunga qadar 5 ming 697 bino-inshoot xatlovdan o‘tkazilib, ularning 283 tasi bo‘sh turganligi aniqlangan. Shulardan 210 tasida yangi loyihalar amalga oshirish rejalashtirilgan.
Prezidentimizga taqdim qilingan loyihalar kichik va yirik GESlar qurish, gaz ta’minoti tizimini takomillashtirish, sement va ohak ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarga mo‘ljallangan.
Buloqboshi tumanida Xitoy texnologiyasi asosida yiliga 21 ming tonna kimyoviy cho‘ktirilgan bo‘r mahsuloti ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Mahsulot to‘liq mahalliy xomashyo – ohaktoshdan olinadi. Korxona ishga tushgach, chet eldan sotib olinayotgan shu turdagi mahsulotga bo‘lgan talab qondiriladi, uni eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari loyiha tashabbuskorlari – tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
“O‘zfarmsanoat” kompaniyasi va tijorat banklari tomonidan 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan farmatsevtika sohasini rivojlantirish dasturi loyihasiga alohida e’tibor qaratildi.
«Trastbank» tomonidan Andijon tumanida “Zamin Bio Health” jamiyatida yillik quvvati 10 million flakon insulin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyiha amalga oshirilgach, 100 kishi ish bilan ta’minlanadi.
“O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va tijorat banklari tomonidan 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan mazkur sohani rivojlantirish dasturi loyihasi yaratiladigan ish o‘rinlarining ko‘pligi bilan e’tiborni tortdi.
Prezidentimiz “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi Andijon viloyatida amalga oshirishni rejalashtirgan loyihalar bilan tanishdi. Yangi avtomobil rusumi – «Chevrolet tracker»ni ishlab chiqarish bo‘yicha ma’lumot berildi.
Bunda yengil avtomobillarning uskuna va jihozlarini modernizatsiya qilish, yengil avtomobillar qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yangi modeldagi avtomobillar uchun interer, shtamplangan, payvandlangan panellar, radiator, konditsioner tizimlari, o‘rindiqlar, ovoz so‘ndirgich tizimi qismlari, gaz chiqarish tizimlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Loyihalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Andijon viloyatidagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi. Andijon shahri Milliy tiklanish ko‘chasi, 24-uyda joylashgan mazkur qabulxonada xalq bilan muloqot qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi – odamlar bilan samimiy muloqotlar, safar davomida belgilab berilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
O‘zA