Fransiyada dizayn

Fransiyada dizayn taraqqiyotining oʻziga xosligi hukumat ulkan dizayn-loyihalarning asosiy buyurtmachisi sifatida maydonga chiqishida namoyon boʻladi. 1980-yili Sanoat buyumlarini badiiy konstruksiyalash va mamlakatda dizayner kadrlar tayyorlashning uzoq yillarga moʻljallangan taraqqiyoti boʻyicha maxsus qaror qabul qilingan edi. Qarorda asosiy eʼtibor mahsulotlarning sifatini va tashqi koʻrinishini yaxshilash uchun dizayn metodlarini qoʻllash,ularning xaridorgirligini oshirish, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirishga qaratildi. “Buyumlarni badiiy konstruksiyalash va ularni sotish tizimi” vazifasi keng isteʼmol mollari ishlab chiqarishda dizayn vositasi bilan tannarxini kamaytirish masalalarini tadqiq etishga qaratilgan.

Mamlakatdagi 8 ta davlat va xususiy oʻquv muassasalarida professional dizaynerlar tayyorlanadi, jumladan Sanoat dizayni Oliy maktabi, Milliy badiiy-sanoat oliy bilim yurti, Milliy bezak sanʼati oliy maktabi, Amaliy sanʼat va badiiy hunarmandchilik oliy maktabi, Kompyenedagi Texnologik universitetning dizayn boʻlimi va boshqa oʻquv dargohlari dizayn taʼlimi bilan shugʻullanadilar.

Fransiya uchun ham, boshqa Yevropa mamlakatlari uchun ham sanoat ishlab chiqarishi va xizmat koʻrsatish sohalariga dizaynni hamda yangi badiiy gʻoyalarni tatbiq etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yevropaning birlashuvi natijasida savdo tovarlariga boʻlgan cheklovlarning bekor qilinganligi va bozorning globallashuvi, oʻz oʻzidan turli-tuman korxonalar oʻrtasidagi raqobatni kuchaytirib yubordi.

Bugungi kunda xarid qilishda yetti oʻlchab bir kesadilar, oldindan bozordagi talab va taklif chuqur oʻrganiladi. Uning ustiga zamonaviy insonning yangicha fikrlashi, butun sayyora darajasidagi qadriyatlarga ahamiyat berishi hamda sanoatning yashash muhitiga koʻrsatayotgan taʼsiri kabi omillarga ham oʻz diqqatini qaratmoqda. Shu omillarning barchasi ishlab chiqaruvchidan iloji boricha mukammal, yangi texnologiyalar va xomashyolardan foydalanishni talab qiladi.

Alkatel, Mulineks, Pejo, Sitroyen, Tefal kabi ulkan fransuz korxonalari allaqachon dizaynerlar bilan hamkorlik qilishning qanchalar foydali ekanligini bilib olganlar.Bu korxonalarning har birida oʻz dizaynerlik byurolari mavjud. Reno avtomobil kompaniyasi bu sohaning peshqadami hisoblanadi va kompaniyada 260 nafardan ortiq dizayner ishlaydi.

Mamlakatda turli firmalar va sanoat korxonalari hamda xorijiy oʻquv yurtlari bilan oʻzaro aloqalar va dasturlar almashishga alohida eʼtibor qaratiladi. 1983 yili Parij shahrida Dizayn taraqqiyotiga koʻmaklashuvchi tarmoqlararo Boshqarma va Badiiy konstruksiyalash Oliy maktabi tashkil etildi. Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga dizayn boʻyicha kasbiy tayyorgarlikni eng muhim sohalar qatoriga kiritishni, talabalarning xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishlarini tashkil etish va bu masala uchun maxsus fond ajratish vazifasi yuklatilgan.

Fransiyada oliy dizaynerlik taʼlimini Bezak sanʼati Oliy milliy maktabida olish mumkin. Bu oʻquv maskanida sanoat dizayni,libos, mebel,interyer, viziual kommunikatsiyalar, muhit va grafik dizayni kabi turlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.Undan tashqari Umummilliy, munitsipal va hududlar qaramogʻida boʻlgan 53 Oliy oʻquv yurtida ham dizaynerlik mutaxassisliklari boʻyicha diplomlar beriladi.

Hozir Fransiyada 4 mingdan ortiq professional dizaynerlar faoliyat olib bormoqda. Sanoat ijodkorligi Oliy milliy maktabi va boshqa oliy oʻquv yurtlarining dizaynerlik boʻlimlarini bitiruvchilari oʻz kasbiy faoliyatini koʻp hollarda mustaqil dizaynerlar sifatida boshlasalar ham, keyinchalik katta dizaynerlik agentliklari va sanoat korxonalari dizaynerlari safiga kelib qoʻshiladilar.

Mutaxassislar tayyorlashda har bir talabaning oʻz isteʼdodi va qobiliyatini aniqlash asosiy maqsad qilib belgilangan. Bu masalalarni hal etishda individual metodlarni qoʻllash, yuqori darajadagi texnikaviy va nazariy bilimlar beriladi.

Talabalar oʻqishga kirish oldidan, bilimi va tajribasidan qatʼiy nazar, loyihalash guruhlariga taqsimlanadilar, ular oʻz ishlarini tashkil etadilar, loyihalar boʻyicha oʻz faoliyatlarini belgilaydilar, koʻp hollarda bu amaliyot ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda bajariladi.Shu bilan birgalikda talabalar tadqiqotlar oʻtkazish, axborotlarni saralash, tahlil qilish, maʼlumotlarni jamlash, shaxsiy hamkorliklarini oshirish, oʻz bilimlarini va boshqalarning bilimlarini baholashga ham oʻrganadilar. Oʻquv dasturlari “modul unsurlari” asosida quriladi hamda davomiyligi va mazmuniyligi bilan ajralib turadi. Bu oʻquv dasturlari oʻqituvchi tomonidan boshqariladi va ekspertlar tomonidan talabalarning individual qobiliyatlarini hisobga olgan holda tuziladi. Har bir oʻquvchi oʻzining individual dasturiga ega boʻladi.

Oʻquv yiliga moʻljallangan oʻquv jadvali mavjud emas, oʻquv dasturlarini talabalar oʻzlarining maqsadlari va talablari asosida tuzadilar.Dasturlar oʻquv yurtiga kirish paytida guruh rahbari tomonidan tanlab olinadi va tatbiq etiladi. Davlat darajasida rejalashtirish va istiqbollarni belgilash tizimi oʻquv jarayonlari, mahorat va malaka hamda kasbiy tirishqoqlikni oʻzaro bogʻliq holda oʻrganib, ularni tahlil etish orqali bitiruvchilarni ish oʻrinlariga moslashtirish, malaka va mahoratlarini oshirishga yoʻnaltiriladi.Yoshlarning mehnat bozorida oʻz oʻrinlarini topishlariga alohida eʼtibor qaratiladi.Bu esa taʼlim standartlaridan voz kechib, kasbiy jihatdan referensional doirada ish yuritishga olib keldi, albatta,bunday yondashuv taʼlim metodologiyasi va sertifikatsiyasida belgilab qoʻyilgan. Fransiyada taʼlim standartlariga qaraganda referensional yondashuv nufuzli sanaladi. Oʻquv dargohlari bitiruvchilari tomonidan yaratilgan anʼanaviy kreativ va badiiy dizaynerlik ishlanmalari bunga yorqin misol boʻladi.

 

Dadaxon Yoqubov, Oʻzbekiston sanʼat arbobi