2018-yil 4-oktyabrdan boshlab “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni kuchga kirdi.
Endilikda, quyidagi jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekishga yoʻl qoʻyilmaydi:
statsionar savdo obyektlarida, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalarida, bundan chilim va elektron sigaretalar chekish uchun maxsus ajratilgan xonalar mustasno;
kinoteatrlarda, teatrlarda, sirklarda, konsert, koʻrik va koʻrgazma zallarida hamda ommaviy dam olish uchun moʻljallangan boshqa yopiq inshootlarda;
klublarda, diskotekalarda, kompyuter zallarida, Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa koʻngilochar (boʻsh vaqt oʻtkaziladigan) joylarda;
muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida va maʼruzaxonalarda;
mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlarda, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlarida (shu jumladan tamburlarida), daryo kemalarida, shaharda, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslarda, taksilarda, yoʻnalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida, shuningdek havo kemalarida;
yer osti oʻtish joylarida, transport bekatlarida va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida;
aeroportlarning, temir yoʻl, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolarida;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolarida;
sogʻliqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlarida, taʼlim muassasalarida, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida;
ish joylari boʻlgan xonalarda;
koʻp kvartirali uylarning yoʻlaklarida, shuningdek uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalarida;
xiyobonlarda, bogʻlarda, koʻchalarda va boshqa jamoat joylarida.
Chilim va elektron sigaretalar chekishni reklama qilish, yaʼni chilim va elektron sigaretalar chekish usullari va yoʻllari, shuningdek ularni olish joylari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tarqatishga qaratilgan faoliyatga yoʻl qoʻyilmaydi.
Chilim va elektron sigaretalar chekishni targʻib qilish, yaʼni chilim va elektron sigaretalarni chekishni ragʻbatlantiruvchi, shaxsda ularni isteʼmol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi gʻoyalar, qarashlar va badiiy obrazlarni ochiq yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan harakatlar taqiqlanadi.
OʻzA