Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, Madaniyat vazirligi va Badiiy akademiya hamkorligida oʻzbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qoʻshgan adib va nosir, dramaturg Omon Muxtor ijodiga bagʻishlangan fotokoʻrgazma va xotira kechasi boʻlib oʻtdi.

omon-muxtor.jpgTadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, xizmat koʻrsatgan jurnalistlar va adibning oila aʼzolari ishtirok etdi.

Omon Muxtor (Muxtorov Omon Sulaymonovich) 1941-yil 16-iyulda Buxoroda tugʻilgan. Adib Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetini tugatgan. Bolalar gazetasi, Oʻzbekiston radiosi, Kino qoʻmitasida faoliyat koʻrsatgan. “Sharq yulduzi” jurnalida bosh muharrirlik vazifasida ishlagan.

“Chorlar quyoshli yoʻllar” , “Ohang” (1974), “Yogʻdu” (1979), “Marvarid” (1985), “Shiddat” (1990) sheʼriy toʻplamlar, “Nigoh” (1968), “Qushlar va tushlar” (1971), “Shaharlik kelinchak” (1973), “Hayot darvozasi” (1978), “Bolalikka sayohat” (1984), “Vazifa” (1988), “Oʻlmagan jon” (1995) kabi nasriy asarlar muallifi. “Yillar shamoli” (1976), “Egilgan bosh” (1989), “Ayollar mamlakati va saltanati”, (1997), “Aflotun” (1998), “Toʻrt tomon qibla” (trilogiya, 2001) kabi zamonaviy va tarixiy mavzudagi asarlari adabiyotimizning oʻlmas merosidir. Adib ijodiga xos boʻlib kelgan falsafaga moyillik bilan romanlarda koʻrinib turadi. Inson qismati, ruhiy olami naqadar murakkab ekanligi aks ettiriladi. Uning koʻpgina pesalari Xorazm teatrida sahnalashtirilgan.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Omon Muxtor 2013 yil 10 mayda vafot etdi.

– Shunday insonlar borki, ular bu olamni tark etsa-da, qilgan ezgu amallari “yashashda” davom etadi. Ulugʻ adib Omon Muxtorning ham nomi asarlaridek barhayotdir, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo.

Xotira kechasida namoyish etilgan fotokoʻrgazma, lavhalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA