Janubiy Koreyaning oʻzbekistonlik migrantlarga ehtiyoji qancha?

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Janubiy Koreyada shartnoma asosida mehnat qilib, qaytgan va takroriy borish istagidagi fuqarolar uchun 8-12 oktyabr kunlari test sinovlari oʻtkazilishini maʼlum qilmoqda.
Aytish joizki, chet elda ishlamoqchi boʻlgan fuqarolarning firibgarlar taʼsiriga tushib qolishini oldini olish maqsadda qator choralar koʻrilmoqda. Albatta, noqonuniy yoʻl bilan xorijga ishlashga borish odam savdosi qurboniga aylanishga, ishlovchining himoyasizligi, jinoyat yoʻliga kirishi, sogʻligʻi va erkini yoʻqotishiga olib keladi.
Qonuniy yoʻl bilan xorijda ishlamoqchisiz. Sizda buning uchun qayerga murojaat qilishim kerak, degan savol tugʻilishi mumkin. Xohlovchilarni xorijga ishga joʻnatish Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va uning joylardagi byurosi orqali amalga oshiriladi. Ulardan olingan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning oʻtgan davrida Koreyaga bir yarim ming nafar, Rossiyaga yetti yuzdan koʻproq, Turkiyaga uch yuzga yaqin, Polshaga besh nafar yurtdoshimiz qonuniy yoʻl bilan yuborilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Koreyaga belgilangan kvota uch ming yuzta boʻlib, qolgan nomzodlar ish beruvchining tanlovini kutib turibdi. Shuningdek, Latviya bilan tuzilgan kelishuvga asosan kelgusi yildan boshlab mavsumiy ishlarda ishlash uchun yurtdoshlarimiz jalb etiladi.
Tizimda olib borilayotgan islohotlar tufayli xorijda ishlash uchun borish istagini bildirgan fuqarolarga bir qancha imtiyozlar yaratilmoqda. Jumladan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari“, “Oʻzbekiston havo yoʻllari“ chiptalariga chegirmalar, shuningdek, chipta xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun bir yilda bir marotaba 300 ming soʻm miqdoridagi begʻaraz toʻlov taqdim etilmoqda.
Joriy yilning 2 aprelidan 27 sentyabr sanasiga qadar 300 ming soʻm miqdoridagi begʻaraz koʻmakni 26 ming 200 nafar yurtdoshimiz “Aloqabank” orqali olishga erishdi. Bundan tashqari, mehnat migrantlari transport va boshqa xarajatlari uchun “Ipotekabank“ orqali 1000 dollargacha kredit olishi mumkin. Bunday imkoniyatdan minglab fuqarolarimiz foydalanmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya, Polsha, Janubiy Koreya kabi davlatlar bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida faol hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Ular xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarimizga zarur sharoitlar yaratishga koʻmaklashmoqda. Yurtimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan mintaqaviy byurolarda xorijga ketuvchi fuqarolar oʻqitilib, ularga huquqiy maslahatlar berilmoqda.

 

Sayyora Shoyeva, OʻzA