Qirgʻizlarda jengedir, oʻzbeklarning bekasi

Qardosh xalqlar, qoʻshni respublikalar oʻrtasidagi yaqin qoʻshnichilik aloqalarining yanada mustahkamlanishi maʼnaviy hayotimizda ulkan yangilanishlarga sabab boʻlmoqda. Buni viloyatimizda istiqomat qilayotgan qirgʻiz birodarlarimiz fikru oʻyida ham sezish mumkin. Mening esa qirgʻiz birodarlarimiz bilan ming yillik aloqalarimiz haqida soʻz borganda,sevimli shoirimiz, Oʻzbekiston qahramoni Abdulla Oripovning quyidagi satrlari yodimga tushaveradi.

Ey qadim Osiyoning abadiy yosh oʻlkasi,

Yalangtoʻsh va mehnatkash oʻzbek bilan inisan.

Qirgʻizlarda jengedir oʻzbeklarning bekasi,

Shonu-sharaf osmonin chaqnagan chaqinisan.

Butun dunyo biladi ijodkor Chingiz nomin

Azamat xalq shuhrating bundan ham boʻlsin ziyod.

Ayni paytda keksalik gashtini surayotgan faxriy murabbiy, fizika-matematika fanlari nomzodi Abdulla Temirbekov Boʻstonliq tumanidagi Pskom qishlogʻida tugʻilgan. Millati qirgʻiz. U kishi OʻZ MUning matematika fakultetini tugallagach, 40 yilga yaqin Toshkent Davlat Politexnika Universitetida talabalarga dars bergan. Adabiyot ,sanʼat ilm va fan shaydosi. Bu kishi bilan suhbatlashsangiz, ajoyib xotiralarning guvohi boʻlasiz.

 
Ikki siymo – ikki quyosh

“Hayotimda ikki insondan juda koʻp tarbiya, mehr va ezgu ishlarga kuch oldim, – deydi suhbatdoshim. – Ulardan biri qirgʻiz adabiyotini dunyoga tanitgan donishmand alloma Chingiz Aytmatov. Yana biri esa hayot yoʻllarimda hamisha madadkor boʻlgan inson, iqtidorli rahbar va qalamkash, jurnalist Ziyod Yesenboyevdir.

Chingiz Aytmatov siymosi nafaqat qirgʻiz, balki butun dunyo xalqlari uchun abadiy maʼnaviy mashʼal, desam xato qilmayman. Bolaligimda Boʻstonliq togʻlarida qoʻy boqib yurgan paytlarimda, Chingiz ogʻaning asarlariga oshno boʻlganman. Uning “Jamila”,”Boʻtakoʻz”,”Sarviqomat dilbarim”, ”Yuzma-yuz” asarlari oʻsha paytlarda juda mashhur edi. Keyinchalik talabalik, aspirantlik yillarimda u kishidan maʼnaviy tarbiya olib oʻsdim. Koʻp yillik pedagoglik faoliyatimda esa yozuvchining asarlari garchi matematik boʻlsam-da, hamisha asqatdi. Keyinchalik bu inson bilan koʻp bora diydorlashish baxtiga muyassar boʻldim.

Ziyod Yesenboyev esa dono maslahatgoʻy, ilmiy ishlarimga ragʻbatdosh, millatdoshim edi. Kandidatlik ishimni himoya qilganimda meni ilhomlantirgan, dastlab dars bera boshlagan davrimdan, umrining soʻnggi kunlarigacha doimo yonida boʻlganman. U kishi men doimo sevib mutolaa qiladigan “Toshkent haqiqati” gazetasini oʻzi bosh-qosh boʻlib tashkil etgan va birinchi muharrirlaridan boʻlgan. Ziyod Yesenboyev buyuk davlat arbobi Sharof Rashidov bilan hamnafas, atoqli va koʻp qirrali ijodkor edi. Hozirda uyimda Chingiz Aytmatovning Ziyod Yesenboyev bilan birga tushgan surati, har ikki aziz insonlarning barcha asarlari kitob javonimni bezab turadi. Men bu ikki alloma bilan millatdosh ekanligimdan faxrlanaman.

Oʻtgan asrning 80 yillari edi. Oilamiz boshiga bir tashvish tushib, Qirgʻizistonga adib Chingiz Aytmatov huzuriga borishga toʻgʻri keldi. Chingiz Toʻraqulovich oʻsha paytda Tyan-Shi sihatgohida dam olishda ekan. Ertasiga meni ishxonada qabul qilib, mushkulimni oson hal etdi. Xalqparvar adib odamlar orasida koʻp boʻlardi, xalqimizning dardi, tashvishi bilan yashardi. Oradan bir yil oʻtib, Qibrayda Ziyod Yesenboyevning tugʻilgan kunlarida yana koʻrishdik. Shuncha koʻp odamning oldida chaqirib olib, hol -ahvolimni surishtirdi. Shularni oʻylab, eslab qolsam, ”Buyuklik – oddiylikda” degan falsafaning chinligiga ishonaman. Zero, ular xalqdan ilhom olib, xalqqa maʼnaviyat ulashadigan, fidoyi insonlar, el farzandlari edilar.

Qirgʻizning qirgʻizligi

Asrlar osha shunday umri boqiy anʼanalar borki, ular xalqning feʼl-atvori, tabiati va udumiga azaliy sodiqligini bildiradi. Ushbu udumlarni hozirda ham Pskom togʻi etaklarida istiqomat qilayotgan qirgʻiz ovuldoshlarim, Toshkent viloyatining turli ovullaridagi qirgʻiz birodarlarimiz saqlab qolishgan. Bu udumlar oʻzbek xalqining udumlariga ham oʻxshab ketadi. ”Ot chopish”, ”Agʻdarish”, ”Uloq tortish”, ”Koʻk boʻri” oʻyinlari qirgʻiz xalqiga xos azaliy xalq oʻyinlaridir. Boshqa millat, elatlardan farqli “Qirgʻiz mehmondoʻstligi” degan atama bor. Qirgʻiz xalqida mehmonlar uch toifaga boʻlinadi. Birinchisi, ”Mildettuu qoʻnaq”,yaʼni majburiy mehmon. Insonlarning nikoh va janoza marosimlariga qatnashuvi majburiyhisoblanib,mehmonlarni kutib olish oila aʼzolari va ovuldoshlar zimmasida boʻlgan.

Ikkinchisi, “Tanish mehmon”, mezbon va mehmon oʻrtasida qarindoshchilikni mustahkamlashga qaratilgan.

Yana bir toifa mehmonlar “Xudoning mehmonlari” – boshpana istagan mehmonlar uchun boʻlib, kun botgandan keyin ostona hatlab kirgan mehmonni taom va boshpana bilan taʼminlashi zarur boʻlgan. Albatta qirgʻiz uyida besh barmoq va qimiz dasturxonni bezab turgan. Qirgʻizning tanti va ochiqkoʻngil feʼli Chingiz Aytmatov yaratgan barcha asarlarda tilga olinadi. Uni his etmoq uchun buyuk adib asarlariga doimo murojaat etish kerak.

Oʻzbek xalqi uchun aziz va moʻʼtabar Oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining azaliy doʻstligi uzoq tarixga borib taqaladi.

Prezidentimizning ”Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori, keksa bir murabbiy sifatida menga kuch qudrat bagʻishladi, – deydi Abdulla Temirbekov. Ushbu hujjatda taʼkidlanganidek, Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi hamda osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik hamda hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama qarshiliklardan asrash yoʻlida fidokorona faoliyat olib bordi. Qolaversa adib oʻzbek xalqiga hurmat va eʼtibor bilan ”Qadim oʻzbek madaniyatining Markaziy Osiyoga koʻrsatgan taʼsirini koʻhna Vizantiyaning qadimgi rusga koʻrsatgan taʼsiri” bilan qiyoslaydi. Qolversa, Qirgʻizistonda oʻzbek madaniyati, Oʻzbekistonda qirgʻiz madaniyati asrab-avaylanmoqda. Chingiz Aytmatov haqida xotira tadbirlari oʻtkazilayapti. Hujjatli film va maqolalar chop etilayapti. Viloyatimizning Parkent tumanidagi 33-umumtaʼlim maktabida adib byusti oʻrnatilish arafasida. Bu ezgu ishlar buyuk adib ruhini shod etib qolmay, bu ishga xayrixoh barcha insonlarni quvontirayapti”.

Chindan-da bu ezgulik, qalbida yaxshi niyatu qardoshlik tuygʻusi bor insonlarni yaxshilikka chogʻlaydi. Yaxshilikning umri esa abadiydir.

 

Oʻljaboy Qarshiboy, OʻzA