Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekistonda soliq islohoti – xalqaro ekspertlar nigohida” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi.
Unda Jahon bankining soliqqa tortish boʻyicha katta mutaxassisi, Oʻzbekiston Respublikasida soliq islohotlarini isloh qilishga koʻmaklashish boʻyicha Jahon banki soliq missiyasi rahbari Rajul Avasti, Rossiya Federatsiyasining Soliq kodeksini ishlab chiqishda faol ishtirok etgan xalqaro ekspert va maslahatchi Sergey Shatalov, deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro ekspertlar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Sarvar Otamurodov va boshqalar mamlakatimizda soliq tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar soliq tizimini yanada takomillashtirish, soha rivojiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarga barham berish zarurligi, bunda davlatimiz rahbarining joriy yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.
Tadbirda ekspertlar “Aqlli soliq siyosati, aqlli soliqni boshqarish”, “Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish” mavzularida maʼruza qildi.
– Samarali va raqobatdosh soliq tizimini yaratish, turli darajadagi byudjetga soliq tushumlari kelishining barqarorligini taʼminlash soliq islohotlarini olib borishda muhim tamoyillardan hisoblanadi, – deydi Rajul Avasti. – Shu bois Jahon bankining Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan hamkorligidan ham soliq toʻlovchilarga xizmat koʻrsatishning innovatsion usullarini joriy etish asosida soliq boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilish nazarda tutilgan.
Sergey Shatalov xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish va taqqoslash asosida Oʻzbekiston soliq sohasidagi tizimli muammolarni batafsil tahlil qilib berdi.
– Oʻzbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi soliq yukini kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan mavjud tizimli muammolarni kompleks hal etishga qaratilgan, – deydi Sergey Shatalov. – Mazkur konsepsiya xalqaro valyuta jamgʻarmasi, jahon banki, xalqaro va milliy ekspertlar, jamoat tashkilotlari va soliq toʻlovchilarning takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgani juda muhimdir.