Poytaxtimizdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 2-oktyabr kuni “Oʻzbekiston – Fransiya: tarix va bugungi munosabatlar” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, qator vazirlik va idoralar, diplomatik korpus, ilmiy doiralar vakillari, doʻstlik jamiyatlari mutasaddilari, axborot-tahlil markazlari xodimlari, ekspertlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fransiyaga tashrifi arafasida tashkil qilingan ushbu tadbirda Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi tarixiy aloqalar, madaniy-gumanitar, savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati, investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish istiqbollari, transport-kommunikatsiya, turizm va boshqa sohalardagi munosabatlarni mustahkamlash masalalari haqida soʻz yuritildi.
Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi siyosiy muloqot yuksak surʼatda rivojlanmoqda. Qator qoʻshma tadbirlar tufayli manfaatli sheriklik aloqalari tobora kengaymoqda. Parlamentlararo aloqalarga, ilmiy-texnikaviy sohadagi hamkorlikka alohida eʼtibor berilmoqda.
Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmorning taʼkidlashicha, oʻzaro munosabatlarda hali foydalanilmagan imkoniyatlar koʻp. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi ikki mamlakat vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalar rivojiga yangi surʼat baxsh etadi.
Fransiya Oʻzbekistonning Yevropadagi muhim savdo sheriklaridan. 2017-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmi 251 million AQSH dollaridan oshdi. Ayniqsa, farmatsevtika, neft-gaz, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlik izchillik bilan rivojlanmoqda. Mamlakatimizda Fransiya kapitali ishtirokidagi 16 qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda.
Tadbirda mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishda Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, tashqi siyosiy maslahatlashuvlarni muntazamlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.