Fransiyada Oʻzbekiston madaniyatini tarannum etishga qaratilgan videomuloqot

Poytaxtimizdagi Aloqa tarixi muzeyida 27-sentyabr kuni Fransiyadagi “Meros” assotsiatsiyasi bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida videokonferensiya oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Konferensiyada turli millat vakillari oʻrtasida hamjihatlikni mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, xorijdagi doʻstlik va hamkor tuzilmalar bilan oʻzaro munosabatlarni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustam Qurbonov, Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Azim Muhammadjonov va boshqalar mamlakatimizda xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona aloqalar va madaniy-maʼrifiy hamkorlik yuqori ruhda davom etayotgani, chet eldagi vatandoshlarimiz bilan yaqin munosabatlar yoʻlga qoʻyilayotgani, bunda yurtimizda olib borilayotgan faol xalq diplomatiyasi muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladi.

“Meros” assotsiatsiyasi Fransiyada mamlakatimiz tarixi, sanʼati va madaniyatini keng targʻib qilish bilan shugʻullanadi. Tashkilot amalga oshirayotgan ishlar Oʻzbekiston – Fransiya munosabatlaridadoʻstlik aloqalarini jadal rivojlantirish imkonini bermoqda.

Videomuloqot chogʻida “Meros” assotsiatsiyasi prezidenti Farruxbek Yoʻldoshev tashkilot faoliyati, istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berdi. Xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish, ikki mamlakat oʻrtasidagi ijtimoiy-gumanitar aloqalarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtdi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish bilan shugʻullanadigan jamiyatlar 35 tani tashkil qiladi. “Oʻzbekiston – Fransiya” doʻstlik jamiyati ham ana shunday tuzilmalar sirasiga kiradi.

Tadbirda kelgusida jamiyat bilan “Meros” assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha bitim imzolanishi madaniy tadbirlarni ishlab chiqish, oʻzbek milliy urf-odat va anʼanalarini keng yoyishda muhim oʻrin tutishi qayd etildi.

Videokonferensiya soʻngida hamkorlik va oʻzaro fikr almashish boʻyicha doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.

 

Dilobar Mamatova, OʻzA