Poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Igor Moiseyev nomidagi Rossiya davlat akademik xalq raqs ansamblining konserti boʻlib oʻtdi.
Mazkur musiqiy dasturga turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar vakillari, keng jamoatchilik, isteʼdodli yoshlar, raqs sanʼati muxlislari taklif etildi.
Oʻzbekiston hamda Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik barcha jabhalarda izchil rivojlanib bormoqda. Oʻzaro hamkorlikning yangi istiqbollari, ayniqsa, madaniyat, maʼrifat, ilm-fan, taʼlim sohalarida ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Yurtimizda Rossiyaning yetakchi teatr, musiqa jamoalari, kino sanʼati ustalarining ijodiy tashrifi anʼana tusiga kirgan. Ayni paytda ushbu mamlakatda oʻzbek milliy musiqa sanʼati ustalari ishtirokidagi konsertlar, teatr jamoalarimizning gastrollari, badiiy va fotokoʻrgazmalar muvaffaqiyat bilan oʻtkazib kelinmoqda.
Raqs jamoasi Lotin Amerikasi davlatlari, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Finlyandiya, Hindiston, Misr va boshqa 60 dan ortiq davlatlarga ijodiy safarda boʻlgan. Ansamblning chiqishlari doʻstona aloqalarning mustahkamlanishi, madaniy muloqotlarning kengayishi va hatto modaga taʼsir oʻtkazishda ham oʻziga xos oʻrin tutar edi. Xususan, 1953-yili mazkur ansamblning Fransiyada muvaffaqiyatli gastrolidan soʻng, fransuz ayollarining “kazachok” uslubidagi etikcha kiyishi urfga kirgan edi.
– Bu tabarruk yurtga 36 yil avval kelgandik, – deydi ansamblning badiiy rahbari va direktori Yelena Sherbakova. – Toshkent yaxshi maʼnoda butkul oʻzgarib ketgani bizni gʻoyat hayratlantirdi. Konsert dasturimizda “Kadril”, “Sirtaki”, “Moldavancha syuita”, “Qalmiqcha raqs”, “Yoz” kabi turfa xoreografik chiqishlar bilan birga lagan yordamida ijro etiluvchi oʻzbekcha raqsni ham tomoshabinlarga taqdim etayapmiz.
…“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyining sahnasi. Joʻshqin musiqa yangraydi. Betakror, serzavq raqslar jahon xalqlari madaniyati, anʼanalari, folklor sanʼatining nechogʻli turfaligidan soʻzlaydi. Konsertda turli xalqlarning raqslaridan iborat musiqiy-xoreografik guldasta tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi.