Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Binali Yildirim Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov hamrohligida 26-sentyabr kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar dastlab Kogon tumanida joylashgan Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasini ziyorat qildi. Mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz xotirasini eʼzozlash, ularning qabr-maqbaralarini tiklash va obodonlashtirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar Turkiya parlamenti delegatsiyasida katta taassurot qoldirdi.
Delegatsiya aʼzolari majmua hududidagi Buxoro davlat badiiy meʼmorchilik muzey-qoʻriqxonasiga qarashli “Naqshbandiya tariqati”muzey-filialini koʻzdan kechirdi, Mir Arab oliy madrasasi talabalari bilan suhbatlashdi. Shuningdek, mehmonlar Bahouddin Naqshbandning volidasi Bibi Orifa qabrini ham ziyorat qildi.
Buxoro shahridagi Minorai Kalon majmuasi, bu yerdagi mashhur Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasi bilan tanishuv ham esda qolarli boʻldi. Poyi Kalon majmuasiga tashrif chogʻida Oʻzbekiston milliy simfonik orkestrining konsertoldi tayyorgarlik mashgʻuloti doirasida ijro etilgan ashulalar nafaqat turkiyalik mehmonlarga, balki bu yerga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlarga ham manzur boʻldi.
Mehmonlar Buxoro ipak gilam toʻqish korxonasida boʻlib, hunarmandlikning bobomeros anʼanalarini davom ettirayotgan gilamdoʻzlar mehnati va ular tayyorlagan mahsulotlarni koʻzdan kechirdi.