Said Ahmad ijodi keng jamoatchilik eʼtirofida

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Madaniyat va sanʼat koʻrgazmasi hamda Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad hayoti va ijodiga bagʻishlangan fotokoʻrgazma va adabiy-badiiy xotira kechasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbek adabiyotining yetakchi namoyondalaridan biri Said Ahmad 1920-yili Toshkentda ziyoli oilasida dunyoga keldi. Maktabda tahsil olib yurgan kezlaridanoq adabiyot va ijodga havasi boʻlakcha edi. Vaqtli matbuot uning ijod dorilfununi boʻldi.

2.JPG

9.JPG
Faoliyatining dastlabki bosqichini “Mushtum” oynomasida boshlagan Said Ahmadning birinchi hikoyalar toʻplami “Tortiq” 1940 yilda nashr etildi. Urush va urushdan soʻngi yillarda Said Ahmad koʻplab felyeton, ocherk va hikoyalar yozdi. Ketma-ket “Yer yurak” (1942), “Fargʻona hikoyalari” (1948), “Muhabbat”(1949) kabi toʻplamlari nashr etildi. Ikkinchi Jahon urushi yillariga bagʻishlangan “Xazina”, “Hayqiriq”, “Rahmat azizlarim” kabi hikoyalarida muallif urushning dahshatli oqibatlarini hayajonli tasvirlaydi.

“Ufq” romanida Ikkinchi Jahon urushining olovli yillarida oʻzbek dehqonlarining front orqasida koʻrsatgan mehnat qahramonliklari atroflicha hikoya qilinadi. Roman trilogiya janrida yozilgan boʻlib, unda urushdan oldingi va keyingi davrning hayotiy muammolari aks etgan.

Said Ahmad oʻzining “Jimjitlik” romanida turgʻunlik davri illatlarini fosh etishga intiladi. Adib serqirra ijodkor boʻlib, u mohir dramaturg sifatida ham tanildi. “Kelinlar qoʻzgʻoloni”, “Kuyov” kabi sahna asarlari shular jumlasidandir.

Said Ahmad tarjima sanʼati bilan ham faol shugʻullangan. Jumladan, B.Polevoy, A.Musatov, O.Gonchar kabi yozuvchilar asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

30.JPG
said.JPG
48.JPG

 

Muhayyo Toshqorayeva, Oqil Gʻulomov (surat), OʻzA