Alisher Navoiy nomidagi Kinosaroyda Chexiya va Slovakiya kinosi kunlari boʻlib oʻtmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlik koʻplab sohalar kabi madaniy-maʼrifiy jabhalarda ham izchil rivojlanmoqda. Yurtimizda anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan Yevropa kinosi kunlari festivali kinomuxlislarga yaxshi tanish.

Chexiya va Slovakiya kinosi kunlarini bu yoʻnalishdagi madaniy tadbirlarining uzviy davomi, deyish mumkin.

Oʻtgan yillardagi festivallarda Chexiya Respublikasining “Mitti odam“, “Masxarabozlar“, “Dengizga boramiz“ filmlari hamda slovakiyalik kinoijodkorlarning “Boksyor va ajal“, “Shisha siniqlari ustidagi raqslar“, “Niki oilasi“ kabi kartinalari oʻzbek tomoshabinlari eʼtiboriga havola etilgan edi.

Bu yil Ladislav Smolyakning “Yugur, ofitsiant, yugur!“, Dushan Ganakning “Sevaman, sevasan“, Yonash Karasekning “Nomzod“, Tomash Lyunakning “Alois Nebel“, Oldrjix Lipskiyning “Limonadli Jo“ kabi kartinalarini oʻzbekistonlik kino ixlosmandlari katta qiziqish bilan tomosha qilmoqda.

Kino kunlari Andrea Sedlachkovaning “Halol oʻyin“ filmi bilan boshlandi.

 

N.Usmonova, OʻzA