Raqs sanʼati muxlislarini ajoyib tuhfa kutmoqda. Joriy yilning 26-27 sentyabr kunlari Toshkentdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida boʻlib oʻtadigan Igor Moiseyev nomidagi Rossiya davlat akademik xalq raqs ansamblining konsertiga ham oz fursat qoldi.

Konsert dasturi jahon va Rossiya xalqlarining rang-barang va oʻziga xos raqslaridan iborat.

Igor Moiseyev raqslari konsertiga tashrif buyuruvchilar “Xalqlar doʻstligi” ordeni bilan taqdirlangan mashhur jamoa tomonidan namoyish etiladigan Gretsiya, Argentina, Tatariston, Rossiya, Moldova, Koreya va boshqa mamlakatlarning raqs madaniyati namunalari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi.

Toshkentda afsonaviy ansamblning chiqishlari Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Igor Moiseyev nomidagi Rossiya davlat akademik xalq raqs ansambli maxsus taʼlim muassasalari oʻquvchilarini taklif etgan holda xayriya konsert dasturini namoyish qiladi.

Dunyoga mashhur professional xalq raqsi ansambli 1937-yilda xoreograf Igor Moiseyev tomonidan tashkil etilgan. Ansambl tomonidan namoyish etiladigan har bir raqs butun bir spektaklga oʻxshash. Jamoaning safarlar xaritasida 70 dan ortiq davlat boʻlib, repertuarda esa 200 dan ziyod raqslar bor.

Raqslar, murakkab akrobatik elementlar, klassik balet va milliy raqslarning hamohangligi mazkur jamoa ijodiy uslubining oʻziga xosligidir.

Konsert tashkilotchilari – “Gazprombank” va “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatlari, “EriellGroup” neft-xizmat koʻrsatish kompaniyasi.

 

N.Usmonova, OʻzA