Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti 2019-yil uchun Jurnalistika ixtisosligi boʻyicha tayanch doktorantura (PhD)ga oʻqishga qabul qilishni eʼlon qildi.
Bu haqida institut rahbariyati maʼlum qildi.
– Institutimizda avval 4ta ixtisoslik boʻyicha tayanch doktorantlari tayyorlanadigan boʻlsa, endi 10ta ixtisoslik boʻyicha talabanlar doktorantura (PhD)ga qabul qilinadi, – deydi intstitutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Muyatdin Jalelov. – Institutimizdagi ilmiy talabdan kelib chiqib, Qoraqalpogʻistonda ilk bor Jurnalistika ixtisosligi boʻyicha ham doktorantlar tayyorlanadigan boʻldi.
Institutda avval yarim oʻtkazgichlar fizikasi (01.04.10), Oʻzbekiston tarixi (07.00.01), Qoraqalpoq tili. Qoraqalpoq adabiyoti (10.00.03), Yosh va pedagogik psixologiya. Rivojlanish psixologiyasi (19.00.06) ixtisosliklari boʻyicha ilmiy darajali pedagog kadrlar tayyorlangan boʻlsa, 2019 yildan Jurnalistika (10.00.09), Qoraqalpoq adabiyoti (10.00.12), Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (10.00.02), Pedagogika nazariyasi. Pedagogik taʼlimotlar tarixi (13.00.01), Taʼlim-tarbiya nazariyasi va metodikasi (sohalar boʻyicha. 13.00.02), Jismoniy tarbiya va sport mashqlari nazariyasi va metodikasi (13.00.04), Ijtimoiy psixologiya. Etnopsixologiya (19.00.05) sohalarida doktorantlar tayyorlanadi.
Yangi qabul kvotasida Qoraqalpoq tili boʻyicha doktoranturaga qabul qilish nazarda tutilmagan.
Hujjatlar joriy yil 15-sentyabr – 16-oktyabr oraligʻida qabul qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, Qoraqalpogʻistonda Jurnalistika boʻyicha bakalavr va magistr mutaxassislar faqat Qoraqalpoq davlat universitetida tayyorlanadi. Joriy oʻquv yilidan boshlab, ushbu universitetda Jurnalistika boʻyicha qabul kvotalar soni oshirildi va sirtqi boʻlim ochildi. Talabalar oʻzbek va qoraqalpoq guruhlarida taʼlim ola boshladi.