Turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda savdo, sanoat, investitsiya, transport sohalari qatori turizm, sogʻliqni saqlash, taʼlim yoʻnalishlarida ham istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu oʻrinda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning mamlakatimizdagi faoliyatini qayd etish oʻrinli.
Turkiya parlamenti delegatsiyasining tashrifi doirasida TIKA tomonidan yurtimiz aholisiga sifatli tez tibbiy yordam va davlat xizmatlari koʻrsatish maqsadida 50 ta tez tibbiy yordam mashinasi va 20 ta mobil ofis avtobusi ajratildi.
“Oʻzekspomarkaz”da ushbu transport vositalarini Sogʻliqni saqlash va Adliya vazirliklariga topshirish marosimi boʻldi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov, Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Binali Yildirim, mamlakatimizdagi tegishli vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Zamonaviy reanimobillar aholiga shoshilinch tibbiy yordamni tez va sifatli koʻrsatishda muhim oʻrin tutadi. Zarur moddiy-texnik bazaga ega, quyosh panellari bilan taʼminlangan 20 ta mobil ofis avtobusi qator davlat xizmatlarini bevosita joylarda, qolaversa, FHDYO va notarius xizmatlarini koʻrsatish imkonini beradi.
U.Shonazarov, OʻzA