Bir kunda 320 ga yaqin kishi ishli boʻldi

Nukusda Prezidentimizning 2018 yil 11 sentyabrdagi “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga bagʻishlangan biznes-forum va boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi boʻlib oʻtdi.
 
5.JPG
Qoraqalpogʻiston Respublikasida mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boʻsh turgan obyektlardan samarali va oqilona foydalanish, ularga investitsiya kiritish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida xatlov oʻtkazildi.
12.JPG
– Xatlovda 2 ming 600 dan ortiq obyektdan foydalanilmayotgani aniqlandi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbari Z.Kamolov. – Ulardan 2 mingga yaqinining kadastr hujjatlari aniqlashtirildi, solishtirildi, qolganlarining hujjati boʻyicha ish davom etmoqda. Joylarda tashkil etilgan tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha hududiy guruhlar tomonidan oʻtgan qisqa vaqt ichida foydalanilmayotgan obyektlarga investitsiya kiritish, yangi ish oʻrinlari yaratish yuzasidan qator tadbirlar amalga oshirildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi axborot xizmati taqdim etgan maʼlumotga koʻra, hududda 2018-2019yillarda sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirishga oid umumiy qiymati 4 trillion 478 milliard 300 million soʻmlik 303 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Joriy yilning 1 sentyabr holatiga koʻra, 210 loyiha boʻyicha moliyalashtirish boshlanib, jami 1 trillion 149 milliard soʻm mablagʻ jalb qilingan. Jumladan, loyiha tashabbuskorlarining oʻz mablagʻlari hisobidan 394 milliard soʻm, tijorat banklari kreditlari hisobidan qariyb 720 milliard soʻm, xorijiy investitsiyalar hisobidan 4 million 365 ming AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb etilgan.
Biznes-forum doirasida oʻtkazilgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida 345 korxona-tashkilot va muassasa 3 ming 150 dan ortiq boʻsh ish oʻrni bilan qatnashdi. Yaramarka davomida 320 ga yaqin fuqaro ishga joylashtirildi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA