Turkiya Buyuk millat majlisi delegatsiyasi bilan uchrashuv

Joriy yil 24 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshevning mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Raisi Binali Yildirim boshchiligidagi parlament delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
 
photo5278613724632033675.jpg
Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat parlamentlararo munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Turkiya Respublikasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Parlamenlararo muloqotni chuqurlashtirish hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
photo5278613724632033676.jpg
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil oktyabrda Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum ikki davlat parlamentlari oʻzaro munosabatlarining rivojlanishida qoʻshimcha omil boʻldi. Turkiya Respublikasi Prezidenti Toyib Erdoʻgʻonning joriy yil aprel-may oylarida mamlakatimizga tashrifi va yuqori darajada erishilgan kelishuvlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar aniq amaliy mazmun bilan boyidi.
Parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish va yanada rivojlantirish, shuningdek ikki mamlakat parlament aʼzolari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida muntazam ravishda delegatsiyalar tashriflari amalga oshirilmoqda, parlament aʼzolari qonun ijodkorligi faoliyatini oʻrganib, oʻzaro tajriba almashmoqda. Oliy Majlisning Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhi faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yil mart oyida Turkiya Buyuk millat majlisi “Turkiya-Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻldi. Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Turkiya Buyuk millat majlisi Tadqiqot markazi oʻrtasida aloqalar oʻrnatildi.
Tomonlar Oliy Majlis Senati va Buyuk millat majlisi shafeligida Oʻzbekiston va Turkiya hududlari forumlarini tashkil etish toʻgʻrisida oʻzaro fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar yoʻlga qoʻyilgan parlamentlararo hamkorlikni hamda xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi oʻzaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish boʻyicha birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati, O’zA