Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston – Amerika Qoʻshma Shtatlari aloqalarini izchil rivojlantirish va mustahkamlashga AQSH elchisi shaxsan salmoqli hissa qoʻshganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil may oyida Amerika Qoʻshma Shtatlariga rasmiy tashrifining samarali natijalari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarining yangi davri uchun mustahkam zamin yaratdi.
Tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar boʻyicha konstruktiv siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyildi. Parlamentlararo almashuvlar faollashdi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda. Fan, taʼlim va madaniyat sohalarida, shuningdek, hududlararo hamkorlik rivojlanmoqda.
AQSH elchisi davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Amerika Qoʻshma Shtatlari ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratishi hamda mamlakatimiz bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishi qatʼiy ekanini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi uchun AQSHning Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.