Abdulaziz Kamilov Kuba tashqi ishlar vaziri oʻrinbosarini qabul qildi

2018-yilning 24-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkent shahriga amaliy tashrif bilan kelgan Kuba Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Ana Teresita Gonsalez Fragani qabul qildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarning holati muhokama qilinar ekan, oʻzaro qiziqish kasb etgan turli sohalarda Oʻzbekiston – Kuba muloqotini chuqurlashtirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi qayd etildi.

Diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan vaqtdan keyingi 12 yil davomida birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida BMT va uning ixtisoslashtirilgan boʻlinmalari doirasidagi hamkorlikning ijobiy tajribasiga erishildi, ushbu tajriba hamkorlikning boshqa sohalarida ham qoʻllanishi mumkinligi taʼkidlandi. Geografik uzoqlikka qaramasdan Oʻzbekiston va Kuba mavjud ulkan salohiyat va imkoniyatni qoʻllagan holda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga tomonlar tayyor ekanligi taʼkidlandi.

Uchrashuvda oʻzaro manfaatli asosalarda turizm, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.

TIVda shu kunning oʻzida vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi bosqichi boʻlib oʻtdi.

Muzokaralarda Kuba Elchisi Alfredo Neves Portuando ishtirok etdi.

 

OʻzA