Malayziyaning Perlis shtati muftiysi Moxd Asri Bin Zaynul Abidin boshchiligidagi diniy ulamolardan iborat delegatsiya Oʻzbekistonga keldi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu tashrifdan koʻzlangan maqsad Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, malayziyalik sayyohlarning ziyorat turizmi yoʻnalishida Oʻzbekistonga muntazam tashrifini yoʻlga qoʻyish.
Mutaxassislar fikricha, malayziyalik diniy ulamolarning tashrifi mamlakatda ziyorat turizmini jadal rivojlantirish, bu sohada idoralararo hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, Oʻzbekistonga kelayotgan malayziyalik sayyohlar sonini yanada koʻpaytirishga xizmat qiladi.
* * *
Oʻzbekiston 7300 dan ortiq qadimiy-meʼmoriy va arxeologik obidalar mavjud dunyodagi yetakchi 10 mamlakatdan biri hisoblanadi. Yurtimizning sanoqli mamlakatlargagina xos boʻlgan yana bir jihati mamlakatdagi 200 dan ziyod tarixiy obida va qadamjolar YUNЕSKOning madaniy merosi roʻyxatiga kiritilganida koʻzga tashlanadi.
Oʻzbekiston ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha keng imkoniyatlarga ega mamlakatlardan sanaladi. Mavjud imkoniyatdan unumli foydalanish maqsadida Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni va 2018 yil 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohada ilgʻor tashabbuslarni ilgari surish va ijobiy qadamlar tashlashga turtki boʻldi.
Maʼlumotlarga koʻra, har yili Oʻzbekistonga jahonning 70 ga yaqin mamlakatidan 2 milliondan ziyod sayyoh tashrif buyuradi. Ular, asosan, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlarimizdagi diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishga ishtiyoqmand.
Hozirda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK oʻzaro hamkorlikda ziyorat turizmi sohasida sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirish maqsadida qator samarali ishlarni olib borishmoqda. Xususan, Malayziya, Indoneziya va boshqa mamlakatlardan yurtimizdagi muqaddas qadamjolarga ziyorat turizmi yoʻnalishidagi sayyohlarni jalb qilish, bu borada kerakli reklama tadbirlarini oʻtkazish, logistika, charter reyslarni yoʻlga qoʻyish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Barno Meliqulova, OʻzA