2018-yil 21-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakatda ijtimoiy, iqtisodiy, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqdilar.

Majlis kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yigʻilishlarida dastlabki tarzda muhokama qilingan edi.

Majlisda deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturining ijrosi yuzasidan Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksining 32-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdilar.

Kiritilayotgan oʻzgartishlarga koʻra, turar joy mulkdorining oila aʼzosi deb er-xotinning ota-onasi, shuningdek, mulkdor bilan doimiy yashayotgan oilali farzandlari bilan birgalikda mulkdorning oilali farzandlarining xotinlari (erlari) ham agar ilgari bu huquqqa ega boʻlmagan boʻlsalar, oʻzaro kelishuvga binoan, uy-joy mulkdorining oila aʼzosi sifatida tan olinishi nazarda tutilmoqda. Yaʼni, bu bilan mulkdorning oilali farzandlarining xotinlari (erlari) ham oilaning boshqa aʼzolari bilan birgalikda uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanish huquqiga ega boʻlishiga zamin yaratiladi.

Mazkur qonun loyihasi muhokamasi qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Deputatlar fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi kelajakda ayollarning nikohdan ajralgan hollarda oʻzlari yashab turgan xonadon mulkdorining uy-joyidan foydalanish, mazkur uy-joyga oʻzining farzandlarini ham koʻchirib kiritish huquqini vujudga keltiradi hamda oilaviy ajrimlar paytida yuzaga keladigan mojarolarning oldini olishga xizmat qiladi. Biroq, ushbu masalaning mukammal qonuniy asosga ega boʻlishi jamiyatimiz koʻpchilik aʼzolari uchun muhim ahamiyat kasb etishini inobatga olgan holda, bu borada shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilib boʻlmasligi, masalani har taraflama asosli oʻrganib, chuqur muhokama etish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Koʻtarilayotgan masala oʻta muhim ekani, muammo esa uzil-kesil hal etilishi uchun loyiha ustida ishlashni davom ettirish zarurligini qonun loyihasi tashabbuskorlari ham eʼtirof etdilar. Shu munosabat bilan koʻpchilik deputatlarning taklifiga binoan mazkur masalani yalpi majlis kun tartibidan chiqarib, masʼul qoʻmitaga qonun loyihasini yanada takomillashtirish uchun vaqt va imkon qoldirish hamda uni kelgusi majlislarda koʻrib chiqish taklifi ilgari surildi.

Taklif bir ovozdan maʼqullandi va qonun loyihasi kun tartibidan chiqarildi.

Shundan soʻng parlament quyi palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasi fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etish boʻyicha fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga qulay sharoit yaratish, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Soʻzga chiqqan deputatlar, avvalo, ushbu qonunda qanday yangi tushunchalar, normalar mavjud, degan masalalar xususida atroflicha toʻxtalib oʻtdilar.

Qonun loyihasi bilan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning vakolat muddati ikki yarim yildan uch yilga uzaytirilmoqda.

Saylovlarda bevosita fuqarolarning oʻzlari koʻproq ishtirok eta olishini taʼminlash maqsadida saylov oʻtkazilayotgan hudud – hovlilar, uylar, koʻchalardan fuqarolar vakilligining minimal normasini belgilash taklif etilmoqda. Bunda har bir hududning aholisi soni inobatga olingan.

Taklif etilayotgan yangi qonun loyihasiga koʻra, endilikda saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish masalasi bilan respublika darajasida Oliy Majlis Senati Kengashining komissiyasi emas, balki alohida tuziladigan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoq

ollari) saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Respublika komissiyasi shugʻullanishi belgilanmoqda. Uning tarkibiga parlament quyi palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, tegishli davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlar vakillari kiritiladi.

Fuqarolar oʻz xohish-irodasini erkin bildirishiga taʼsir etish imkoniyatini qoldirmaslik maqsadida fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovlarida yashirin ovoz berish tizimi oʻrnatilmoqda.

Saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida esa fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va oʻtkazish, saylov oʻtkaziladigan sana, uning vaqti va joyi toʻgʻrisida, rais (oqsoqol) lavozimiga nomzodlar haqidagi axborotni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlarning rasmiy veb-saytlarida joylashtirish koʻzda tutilmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylov jarayonining yanada ochiqligini taʼminlaydi, fuqarolar yigʻinining kadrlar salohiyatini va mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
 
Qonunchilik palatasi
Matbuot xizmati