Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi huzuridagi ishchi guruhning “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan ushbu hujjat “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining yangi tahriri tasdiqlanishi nazarda tutilgani taʼkidlandi.

Mazkur hujjatda bojxona organlari faoliyatining asosiy prinsiplari etib, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik mezonlari asosida rioya qilish zarurligi belgilanmoqda. Shuningdek, bojxona organlarining asosiy vazifalari, ularning huquq va majburiyatlari, sohada xizmat oʻtash tartibi, xodimlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi mustahkamlanmoqda.

Yigʻilishda soha xodimlari bojxona organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish mexanizmlarini oʻrnatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yaxshi samara berayotganini qayd etdi.

– Endilikda bojxona organlari xodimlari majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq huquqiy xatti-harakatlar kafolatlarini yaratishga zamin yaratadi, – deydi Davlat bojxona qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Azizbek Doʻstyorov. – Shuningdek, qonun hujjatlarida ishlatiladigan idoraviy atamalarning bir xilda qoʻllanilishini taʼminlanadi. Tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish va ortiqcha rasmiyatchiliklarni qisqartirib, interaktiv davlat xizmatlarini faollashtiradi.

Tadbirda qonunda belgilangan vazifalar yuzasidan ishchi guruh aʼzolari oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA