Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi huzuridagi ishchi guruhning “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini taʼminlashga va jinoiy javobgarlikni liberallashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tegishli vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda jamoat xavfsizligini taʼminlashga va jinoiy javobgarlikni liberallashtirishga qaratilgan qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish qonunning asosiy maqsadi ekani alohida taʼkidlandi.

Ushbu hujjatda “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Amaldagi qonun hujjatlarida “giyohvandlik vositalarining analoglari” tushunchasi yoʻqligi tufayli “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining tayanch tushunchalardan iborat 3-moddasiga oʻzgartish kiritilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, ularda ixtiyoriy ravishda jarima toʻlanganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish tartibi ochib berilmoqda. Masalan, endilikda oʻrnatilgan himoya tizimlarini chetlab oʻtgan holda, telekommunikatsiya tarmogʻidan noqonuniy foydalanayotgan shaxslarga tegishli choralar koʻriladi. Mazkur maqsadlar uchun moʻljallangan maxsus dasturiy yoki apparat vositalarini qonunga xilof ravishda saqlayotgan va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun sharoit yaratish uchun jarimaga tortish yoki belgilangan tartibda ozodlikdan mahrum qilish choralari koʻriladi.

Yigʻilishda mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan) mahrum etish tarzidagi jazoni asosiy va qoʻshimcha jazo tariqasida belgilab olishni, shuningdek, transport vositalaridan foydalanish va yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorini oshirishni nazarda tutadigan oʻzgartishlar kiritilayotgani xususida maʼlumot berdi. Bu boradagi takliflar atroflicha muhokama etildi.

 

Abdulaziz Musayev, OʻzA