Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda bolajonlarga quvonch ulashuvchi, ularning maʼnaviyati, taʼlim-tarbiyasi yuksalishi hamda dunyoqarashi kengayishiga xizmat qiluvchi multfilmlar taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Unda “Oʻzbekkino“ milliy agentligi tasarrufidagi “Multiplikatsion filmlar studiyasi“ davlat unitar korxonasi tomonidan suratga olingan “Gʻildirakli uy“ va “Hayot daryosi“ nomli multfilmlar namoyish qilindi.
Maʼlumki, “Oʻzbekkino“ milliy agentligi davlat buyurtmasiga asosan ishlab chiqariladigan multiplikatsion filmlar sonini 2018-yilda 15 ta, 2022-yildan boshlab 50 taga yetkazishni rejalashtirgan.
“Gʻildirakli uy“ multfilmida hayot tarzini oʻzgartirmoqchi boʻlgan qahramonning sarguzashtlari hikoya qilinadi. Dehqonning uyi eski va oddiy edi. U otasidan qolgan bu uyni buzishni istamas, ertadan-kechgacha dalada ishlab, boʻsh vaqtida uyi yonidagi keksa chinor ostida oʻtgan-ketgan yoʻlovchilar bilan suhbatlashishni xush koʻrar edi…
“Hayot daryosi” multfilmi esa falsafiy mazmunga ega boʻlib, unda insonning hayotda yashashdan maqsadi ifodalanadi. Unda hayot toʻxtab qolmaydi, otalar hayoti farzandlar timsolida uzviy davom etadi, degan falsafiy fikr ilgari suriladi.
Mohigul Qosimova, OʻzA