Yoshlar tarbiyasiga oid jurnal tashkil etiladi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqida tuzilgan Maslahat kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda sanʼat, fan, madaniyat, ishlab chiqarish, sport sohalarida uzoq yillar faoliyat yuritgan tajribali faxriylar va masʼul xodimlar ishtirok etdi.

Kengash kun tartibida qator masalalar, toʻrt oylik ish rejasi muhokama qilindi va tasdiqlandi. Shundan soʻng Maslahat kengashi qoshida faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgan yoshlar tarbiyasiga xizmat qiladigan jurnalni tashkil qilish masalasi koʻrib chiqildi.

Maslahat kengashi jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni, ijtimoiy va maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, shuningdek, yosh avlodni xalqimizning koʻp asrlik anʼanalariga hurmat ruhida tarbiyalashda Yoshlar ittifoqiga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan.

Kengash tomonidan yoshlarni salbiy illatlardan himoya qilish maqsadida ular bilan “Kecha va bugun”, “Oltin olma – duo ol!”, “Yaxshi farzand ota-onasini toʻrga chiqaradi…”, “Mahallangni faxri boʻl!” kabi turkum mavzularda mehnat faxriylari va yoshi ulugʻ nuroniylar bilan davra suhbatlari tashkil qilinadi. Yoshlar tarbiyasining bugungi dolzarb muammolari yechimiga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirishda mahallalardagi yoshi ulugʻ nuroniylar koʻmagidan foydalanishning eng maqbul usullari yuzasidan yoʻriqnoma ishlab chiqiladi.

Qolaversa, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarni nosogʻlom oilaviy muhit tufayli qayta adashib qolmasligini oldini olish maqsadida mahalliy Kengashlar qoshidagi Maslahat kengashi aʼzolari profilaktik roʻyxatda turgan yoshlarga masʼul etib biriktiriladi. Yoshlarni kitobxonlikka qaytarishning anʼanaviy va zamonaviy usullarini ishlab chiqish ham kengashning muhim rejalaridan.

Bu kabi rejalar amaliyotida yangi jurnal faoliyati kengash ishiga yaqin koʻmakchi boʻladi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA