Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari Natalya Germanni qabul qildi.

Vazirlik matbuot xizmatining maʼlumotlariga koʻra, uchrashuvda Oʻzbekistonning BMT va uning tuzilmalari, jumladan MOPDMM bilan hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi tribunasidan turib ilgari surilgan muhim xalqaro tashabbuslarning amalga oshirilishi jarayoniga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, taʼkidlanganidek, BMT Bosh Assambleyasining tarixiy muhim rezolyutsiyasi – “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”ning qabul qilinishi Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish xalqaro miqyosda keng qoʻllab-quvvatlanayotganining tasdigʻi hisoblanadi.

Tomonlar mintaqaviy xarakterdagi baʼzi muammolarni ham koʻrib chiqdi.

Suhbatda 2019 yil Toshkent shahrida yetakchi xalqaro tadqiqot markazlari ishtirokida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo: mintaqaviy hamkorlikning yangi imkoniyatlari va istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiya kun tartibi borasida fikr almashildi.

 

OʻzA