Doimiy ekspozitsiya ish boshladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 martdagi “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Abay va oʻzbek adabiyoti” deb nomlangan doimiy ekspozitsiya tashkil qilindi.
Doimiy ekspozitsiya buyuk maʼrifatparvar shoir va mutafakkir, xalqlar doʻstligining otashin kuychisi Abay Qoʻnonboyevning hayoti va ijodi, oʻzbek va qozoq adabiy aloqalari tarixiga oid maʼlumotlarni oʻzida mujassamlagan.
Ekspozitsiyaning ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda Qozogʻistonning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Utembayev Yerik Miltiqbayevich, yurtimizdagi Qozoq milliy madaniy markazi raisi Usenov Serik Nazarovich, universitet faxriylari, professor-oʻqituvchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar bu kabi ekspozitsiyalar oʻzbek va qozoq xalqning buyuk farzandlari qoldirgan oʻlmas merosni oʻrganishda katta ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.

 

OʻzA