Bosma nashrlarning iqtisodiy ahvoli qachon yaxshilanadi?

– Bugun hududiy bosma nashrlar faoliyatida ijobiy oʻzgarish kuzatilayotgan boʻlsa-da, koʻp tahririyatlar iqtisodiy jihatdan qiyin ahvolda qolgan, – deydi Andijon viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshligʻi Abdugʻulom Sultonov. – Qator gazetalarning adadi juda kam, sahifalarida oʻquvchini jalb qiladigan tahliliy-tanqidiy materiallar kam. Shu bois ham ayni paytda tahririyatlar faoliyatini sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga koʻtarish dolzarb masalalardan biridir.
Darhaqiqat, ayni kunda aksariyat bosma nashrlar qiyin iqtisodiy holatni boshidan oʻtkazmoqda. Gazeta qogʻozi, bosmaxona xarajatlari tobora ortib bormoqda. Tahririyatlarda malakali kadrlar yetishmaydi. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2011-yil 30-dekabrdagi “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qoʻshimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish toʻgʻrisida”gi qarori asosida tahririyatlarga soliq toʻlovlari boʻyicha berilgan qator imtiyozlar muddati kelgusi yil 1 yanvardan tugaydi. Bu albatta, tahririyatlar iqtisodiy holatini yanada qiyinlashtiradi.
Xoʻsh, mana shunday murakkab sharoitda nima qilish kerak? Gazetalar adadi qachon koʻpayadi? degan savollar soha vakillarini oʻylantirishi tabiiy. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, qachonki gazetalar sahifalarida hududlardagi dolzarb, fuqarolarni qiziqtiradigan mavzular ochiq oydin yoritilsa, mavjud muammolar yuzasidan tahliliy-tanqidiy materiallar muntazam berib borilsa, qolaversa, tahririyatda obunani tashkil etish, gazetxonlar auditoriyasini kengaytirish boʻyicha marketing ishlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsagina gazetalarning adadi ortadi, bu esa oʻz-oʻzidan tahririyatlarning iqtisodiy jihatdan baquvvat va mustaqil boʻlishini taʼminlaydi.
Andijonda oʻtkazilgan “Hududiy bosma nashrlarning iqtisodiy holatini yaxshilash boʻyicha taklif va tavsiyalar” mavzusidagi seminar-treningda shu haqda soʻz bordi.
Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda Andijon viloyati matbuot va axborot boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda bosma nashrlar muharrirlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminarda hududiy ommaviy axborot vositalari iqtisodiy holatini yaxshilash, tahririyatlar faoliyatida marketing ishlarini yoʻlga qoʻyish, bu boradagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, obuna, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda jurnalistlarning roli va mazkur jarayonda kasbiy etika tamoyillariga amal qilish masalalari xususida fikr almashildi. Tahririyatlar faoliyatini yanada yuqori bosqichga koʻtarish, gazetalarni mazmunan boyitish, saviyasi va oʻqimishligini oshirish, jurnalistlarning kasbiy malakasini yuksaltirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
“Hududiy bosma nashrlarning bugungi iqtisodiy holati: menejment va marketing yoʻnalishidagi ishlarni tashkil etish”, “Hududiy nashrlarda axborotlarni tayyorlash – kontent masalasi”, “Jurnalist tekshiruvini olib borish bosqichlari va tamoyillari” kabi mavzularda mutaxassislarning maʼruzalar tinglandi.
Seminar ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

 

Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA