Millatlararo hamjihatlikka chorlovchi festival

Poytaxtimizdagi “Lotto sity Hotell Tashkent Palace” mehmonxonasida “Tasanno – 2018” xalqaro milliy taomlar festivali tashkil etildi.

Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Badiiy akademiya, diplomatik korpus vakillari, mamlakatimizga tashrif buyurgan mehmonlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

“Tasanno – 2018” xalqaro milliy taomlar festivali mamlakatimizda akkreditatsiya qilingan qator diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar, shuningdek, shahrimizning yetakchi restoranlari va madaniyat markazlari xodimlari koʻmagida oʻtkazilmoqda.

Xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy hamkorlikni rivojlantirish, turli xalqlar tarixi, urf-odat va anʼanalari, sanʼati va madaniyati bilan yaqindan tanishish, doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan festivalda Germaniya, Bangladesh, Falastin, Ukraina, XXR, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Hindiston, Janubiy Koreya, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Vyetnam kabi davlat vakillari hamda mamlakatimizning mashhur oshpaz va hunarmandlari qatnashdi.

– Oʻzbek xalqining mehmondoʻst, bagʻrikeng, saxovatli xalq ekanligini bilamiz va buni qadrlaymiz, – deydi qozogʻistonlik ishtirokchi Batir Gulsim. – Shu sabab yurtingizda boʻladigan xalqaro festivallarda doimiy ishtirok etishga harakat qilamiz. Ushbu festivalda bizda sevib isteʼmol qilinadigan milliy taomlarimiz hamdahunarmandchilik mahsulotlarimiz bilan qatnashyapmiz.

Bu festivalda taomlar koʻrgazmasidan tashqari kitob, hunarmandchilik, zargarlik hamda yana koʻplab sanʼat namunalari ham namoyish etildi. Xususan, qoʻgʻirchoq ustasi Oʻrinboy Ibragimov 15 dan ortiq turdagi milliy urf-odatlarimizga xos boʻlgan qoʻgʻirchoqlar bilan qatnashdi.

– Yigirma besh yildirki milliy qoʻgʻirchoqlarimizni yasash bilan shugʻullanaman, – deydi Oʻ.Ibragimov. – Bu qoʻgʻirchoqlar oʻzining sifati, ekologik toza va milliy mentalitetimizga mosligi bilan alohida ahamiyatga ega. Shu sabab mahsulotlarimizga nafaqat oʻzimizning mahalliy aholi, yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarda ham qiziqish ortmoqda.

Koʻp yillardan buyon millatlararo munosabat, hamjihatlik, ahillik va bagʻrikenglik gʻoyalarini mustahkamlashga hissa qoʻshib kelayotgan festival koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi. Turli millat vakillari ijrosidagi raqs va kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga xushkayfiyat bagʻishladi.

 

Gulnoza Boboyeva, Aʼlo Abdullayev (surat) OʻzA