Madaniy merosni asrash va turizm salohiyatini oshirish yoʻlida yana bir muhim qadam

Poytaxtimizdagi “Wyndham“ mehmonxonasida madaniy merosni asrab-avaylashda Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini rivojlantirish va mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan xalqaro seminar boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Madaniyat vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda turizm sohasini rivojlantirishga aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchisi Ulugʻbek Qosimxoʻjayev, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos va boshqalar hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarda mamlakatimiz turizm sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Ceminarda mamlakatimiz madaniy merosini saqlash va turizmni rivojlantirishga qaratilgan fikr-munosabatlar bildirilar ekan, unda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yurtimiz tarixi va istiqboliga alohida ahamiyat qaratayotgani tahlil mavzusiga aylandi.

Bugungi kunda ushbu bank madaniy meros bilan bogʻliq turizm va moliyalashtirishni yirik va ahamiyatli imkoniyatga ega innovatsion va muhim tashabbus deb qaramoqda. Shu bois bu nufuzli moliyaviy tashkilot yangi “Madaniy merosning asosiy konsepsiyasi” loyihasini taqdim etmoqda. Unga koʻra, YETTB asosiy konsepsiyasi asosida moliyalashtiriladigan loyiha madaniy obyektlarni asrab-avaylash, boshqarish va iqtisodiy foydalanishga hissa qoʻshishga bevosita yoʻnaltirish inobatga olinadi.

– Oʻzbekiston oʻzining boy tarixiga ega. Shu jihatdan bu zaminda turizmni rivojlantirishning ahamiyati juda katta, – dedi YETTB katta bankiri, Koʻchmas mulk va turizm departamenti direktori oʻrinbosari Marilena Vuiu. – Yurtingizga taqdim etilayotgan, xususan, Xorazm va Ichanqalʼadagi madaniy merosni asrash va turizm salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan ushbu loyiha boʻyicha mutaxassislar va jamoatchilik fikrini oʻrganish hamda bu yerdagi imkoniyatlar bilan tanishish asosiy maqsadimizdir. Bugungi seminarda mahalliy mutaxassislar fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdik. Samarqand, Buxoro va Xorazmga oʻtkaziladigan anjuman ham shu masalalarga qaratilgani bilan biz uchun muhim ahamiyatga ega.

– Tarixiy obidalarimizga alohida etibor qaratishimiz kerak. Bugungi ekologik muhit va texnogen sabablar ularga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda, – dedi Xorazm Maʼmun akademiyasi ilmiy grant rahbari, arxitektura fanlari doktori Gavhar Durdiyeva. – Hukumatimiz bu masalaga jiddiy ahamiyat qaratayotgan bir paytda, tarixiy obidalarimizga baʼzi fuqarolar tomonidan yetkazilayotgan zararlarni qanday baholash mumkin? Gap shu haqda ketganda birgina Buxorodagi Chorminor obidasini eslash kifoya… Oʻylaymanki, bugungi tadbir madaniy meros obyektlarini saqlash, xorijiy turistlarni jalb qilishda muhim qadamdir.

Yakunda mavzu doirasida savol-javoblar, fikr-mulohazalar bildirildi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA