Oʻzbekiston va Malayziya vaqt sinovidan oʻtgan ishonchli sheriklar

Malayziyaning mashhur “OIC Today” jurnalida Oʻzbekistonning ushbu mamlakatdagi diplomatik missiyasi rahbari Ravshan Usmonovning yurtimizdagi siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlarga bagʻishlangan maqolasi chop etildi.
Unda qayd etilishicha, Oʻzbekiston qadimdan Buyuk ipak yoʻli markazida joylashgani tufayli jahon sivilizatsiyasi shakllanishiga bevosita taʼsir koʻrsatgan, Markaziy Osiyo va butun musulmon olamida islom maʼnaviyati va maʼrifati rivojlanishiga hissa qoʻshib kelgan.
01.JPGBugungi kunda Oʻzbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Markaziy Osiyoning geosiyosiy landshaftini isloh etish, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalardan tortib, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarni “xalq diplomatiyasi” darajasida chuqurlashtirishgacha boʻlgan mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish boʻyicha amaliy qadamlarni qoʻymoqda.
Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASЕAN) yutuqlaridan ruhlangan Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqadagi qoʻshnilari bilan amaliy va oʻzaro doʻstona muloqot yuritish orqali dolzarb masalalar boʻyicha muloqotlar olib borishga tayyor. 2017 yil noyabr oyida Oʻzbekiston tashabbusi bilan asos solingan va joriy yil mart oyida Ostona shahrida oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bunga yaqqol misoldir.
Mintaqadagi yangi siyosiy muhit koʻplab nozik masalalarni hal etish imkonini beribgina qolmay, mamlakatlar oʻrtasida siyosiy ishonchni yanada mustahkamlash va kelgusida butun Markaziy Osiyoda integratsiyani kuchaytirish uchun mustahkam asos yaratmoqda.
Maqolada Oʻzbekiston bilan Malayziyaning xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik munosabatlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Oʻzbekiston 2017 yil 8 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida qabul qilingan moʻʼtadillik rezolyutsiyasi boʻyicha Malayziyaning taklifini qoʻllab-quvvatladi. Mazkur sessiyada davlatimiz rahbari BMTning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik“ deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasi va Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etdi.
02.JPGHar ikki mamlakat Islom hamkorlik tashkiloti doirasida faol hamkorlik qilib kelmoqda. Toshkent Malayziya tashqi ishlar vazirining 2017 yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisidagi ishtirokini yuqori baholaydi. Oʻzbekiston butun musulmon olamida ilmiy-texnik taraqqiyotni taʼminlash maqsadini tutgan, xususan, Islom hamkorlik tashkilotining Samarqandda zamonaviy teleskop barpo etish taklifini qabul qildi, yurtimizda oltita eng samarali ishlaydigan kompyuter markazlaridan biri qurilishi boshlandi. Xalqaro yosh olimlar islom markazi, Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar boʻyicha sammiti, buyuk olim Muhammad Xorazmiyga bagʻishlangan xalqaro olimpiadani tashkil etish bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirishga kirishildi.
Maqolada Malayziyaning tegishli tashkilotlari islom olamidagi yutuqlarni tiklash maqsadida Samarqanddagi Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi bilan hamkorlikda qoʻshma tadbirlarni oʻtkazishni rejalashtirgani qayd etiladi.
Oʻzbekiston mintaqada savdo-iqtisodiy, transport va energetika sohalarini rivojlantirishga yangi surʼat bagʻishlamoqda. Mamlakatimizning vaqt sinovidan oʻtgan ishonchli sherigi boʻlgan Malayziya ham Markaziy Osiyoni Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari bilan hamkorligini mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi. Shuningdek, Oʻzbekiston Malayziya mahsulotlarining Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga yetkazib berilishida “xab” vazifasini oʻtashi mumkin.
03.JPGYurtimiz malayziyalik sheriklar bilan transport, energetika, kimyo va toʻqimachilik sanoati, qurilish materiallari va axborot texnologiyalari sohalari boʻyicha yirik loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor. Mamlakatimizda buning uchun qulay investitsiyaviy muhit va sarmoyadorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha ishonchli kafolatlar yaratilgan.
2018 yil fevral oyidan mamlakatimizda Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo uchta yirik davlat – Malayziya, Indoneziya va Turkiya fuqarolariga 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilgani hamda Toshkent – Kuala-Lumpur yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlar mavjudligi yurtimizga malayziyalik sayyohlar oqimining koʻpayishidan dalolatdir.
Maqola yakunida Oʻzbekiston bilan Malayziya oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik yaqin kelajakda har ikki mamlakatning yuksak salohiyatini roʻyobga chiqarishga va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada boyitishga xizmat qilishi taʼkidlangan.

 

OʻzA