“Shon-sharaf” ordeni kimlarga beriladi?

30-avgust – “Shon-sharaf” ordeni taʼsis etilgan kun
 
1995-yil 30-avgust kuni yuksak mukofotlardan biri “Shon-sharaf” ordeni taʼsis etildi. Shu sanadan buyon mamlakatimiz mustaqilligi, iqtisodiy qudratini mustahkamlash, boy maʼnaviy merosimiz, madaniyatimiz, milliy urf-odatlarimizni rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan yurtdoshlarimiz mazkur orden bilan taqdirlanib kelmoqda.


“Shon-sharaf” ordeni ikki darajadan iborat: I darajali hamda II darajali “Shon-sharaf” ordeni. Mazkur orden Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Vatanni himoya qilishda koʻrsatgan fidoyiligi va mardligi uchun, Oʻzbekistonda mudofaa qudratini va milliy xavfsizlikni mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligini oshirish hamda huquq-tartibotni taʼminlash ishidagi katta xizmatlari uchun beriladi. Ushbu orden bilan, shuningdek, mustasno hollarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 12-yanvardagi “Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli kuchlarining 26 yilligi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, mudofaa va favqulotda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhini taqdirlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq tinchilik, barqarorlik va jamoat tartibini taʼminlash borasidagi xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun Surxondaryo ichki ishlar boshqarmasi xodimi, podpolkovnik Sodiq Tursoatov ham II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlandi. Yuksak eʼtibor va eʼtirofdan uning quvonchlari cheksiz.

– Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik xalqimizning eng katta boyligidir, – deydi Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimi, podpolkovnik S.Tursoatov. – Men ana shu boylikni asrab-avaylash, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligini taʼminlash ishiga hissa qoʻshayotganimdan faxrlanaman. Prezidentimiz farmoniga muvofiq, Vatanimizning yuksak ordenini koʻksimga taqish menga yanada gʻurur-iftixor bagʻishlaydi. Bunday ishonchni oqlash, xalqimiz tinchligi va farovonligi, farzandlarimiz kelajagini himoya qilish uchun bor kuchimni sarflayman.

Podpolkovnik S.Tursoatov Sherobod tumanida tugʻildi. 2005-yilda Oʻzbekiston Respublikasi IIV akademiyasini tamomlagan. 2010-2011-yillarda esa ushbu dargohning Oliy akademik kursi tinglovchisi boʻlgan.

Viloyat hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish, fuqarolar hafvsizligi va jamoat tartibini saqlash borasida bir qator ijobiy natijalarga erishdi. Jumladan, uning saʼy-harakatlari bilan viloyat hududidagi siyosiy-ijtimoiy vaziyatga salbiy taʼsir va tezkor vaziyatni izdan chiqarish maqsadida turli diniy ekstremistik gʻoyalarni targʻib qilish, zoʻravonlik tufayli mustaqilligimizga tahdid solayotgan shaxslarni aniqlash hamda fuqarolarimiz xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash borasida olib borgan shaxsiy izquvarlik va hamkorlikdagi tezkor qidiruv tadbirlar natijasida diniy ekstremistik guruh aʼzolarining bir qancha rejalari amalga oshmay qolganini misol keltirish mumkin. Shuningdek, odam savdosi jinoyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar hamda jinoyat sodir etib qidiruvda boʻlgan ayrim shaxslar uning tomonidan qoʻlga olingan.

 

D.Sunnatov, OʻzA