Maʼlumki, Prezidentimiz 2017-yil 18-avgust kuni Bekobod shahriga tashrifi chogʻida Bekobod va Olmaliq shaharlari oʻrtasida rivojlanish boʻyicha musobaqa oʻtkazish, unda aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, ushbu hududlarni rivojlantirish boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surgan edi.
Davlatimiz rahbari odamlarning turmushini yaxshilashdek olijanob maqsadlarga xizmat qiladigan ushbu oʻziga xos musobaqa buikki shahar oʻrtasidagi sogʻlom raqobat boʻlishini, bozordagi narx-navodan tortib, aholi turmushi uchun yaratilayotgan barcha sharoitlarinobatga olinishini taʼkidlagan edi.
Yirik sanoat shaharlari aholisini bugungi kunidan rozi qilish maqsadida eʼlon qilingan musobaqadan bir yil oʻtib Bekobodda salmoqli ishlar amalga oshirildi. 90 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan shaharda aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida yetti qavatli beshta uy qurib bitkazilmoqda. Yana beshta shunday turar joy qurilishi boshlanish arafasida. Ushbu uylar ham yil oxirigacha oʻz egalariga topshiriladi.
Davlatimiz rahbari taklifi bilan “Mustaqillikning 27 yilligi massivi” deb nomlangan mazkur yangi massivda odamlarning barcha qulayliklardan bahramand boʻlib yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilishi koʻzda tutilgan. Uylarni qurishda eng zamonaviy materiallardan foydalanilmoqda, xonadonlarga energiyatejamkor isitish qozonlari oʻrnatilmoqda.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida koʻp qavatli uylar atrofiga bolalar oʻyin maydonchalari, avtomobillar saqlash joylari, zamonaviy savdo shoxobchalari qurish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz dastlab Bekobod shahri aholisi vakillari bilan uchrashib, ularni mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi bilan tabrikladi.
-Bir yil oldin Bekobodga kelib, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholining hayot sifatini yaxshilash boʻyicha qator rejalarni belgilab olgan edik. Bugungi uchrashuvimizda oʻsha rejalarning dastlabki natijalari haqida suhbatlashsak, – dedi davlatimiz rahbari. -Qanchalik qiyin boʻlmasin, asosiy maqsadimiz avvalo odamlarning ahvolini yaxshilash, ogʻirini yengil qilish. Bekobodda shu paytgacha issiq suv yoʻq edi, ichimlik suv sifati yomonligidan keyingi 10 yilda kasalliklar koʻpaygandi, izsizlik ortgandi. Bugungi kunda shaharga yirik investitsiyalar jalb etilyapti, ish oʻrinlari yaratilyapti. Yoʻl, elektr energiya, gaz, tomlarni taʼmirlashga eʼtibor qaratila boshlandi. Endigi reja – ushbu loyihalarni yanada kengaytirish, xalqimizga sidqidildan xizmat qilish.
Shahar aholisi vakillari aholi hayot sifatini oshirishga qaratilayotgan bunday eʼtibor tufayli nafaqat shahar, balki odamlarning fikri, kayfiyati oʻzgargani, bundan barcha benihoya xursand boʻlayotganini taʼkidlab, Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Yangi massiv tez orada shahardagi bunyodkorliklarning koʻzgusi boʻlishi qayd etildi. Toshkent viloyatida barpo etilayotgan koʻp qavatli uylar haqidaham maʼlumot berildi. Unga koʻra joriy yilda Olmaliq, Yangiyoʻl, Bekobod, Nurafshon shaharlarida 2604 xonadondan iborat 62 koʻp qavatli uy foydalanishga topshiriladi.
Davlatimiz rahbari yangi uylar sifati bilan qiziqdi. Uylarda odamlarning yashashi uchun qulay sharoit yaratish, zarur hayotiy vositalarga boʻlgan ehtiyojini toʻla qondirish, massivlar infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.
Shu yerda Ohangaron shahridagi Amir Temur koʻchasini rekonstruksiya qilish, Yuqorichirchiq, Oʻrtachirchiq va Ohangaron tumanlari hududidan oʻtuvchi hamda Toshkent – Bekobod va Toshkent – Sirdaryoavtomobil yoʻllari boʻylab namunaviy uylarni qurish, viloyatda ichimlik suv tizimini rivojlantirish loyihalari taqdimotlari oʻtkazildi.
Matnazar Elmurodov, OʻzA