O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik shaxsning davlat bilan o‘zaro huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi yig‘indisida ifodalanadigan hamda inson qadr-qimmati, asosiy huquqlari va erkinliklarini e’tirof etish hamda hurmat qilishga asoslanadigan doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi.
– Bugungi kunda adliya organlari tomonidan fuqarolarning huquqiy muammolarini hal qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Babur Kalbayev. – Soha xodimlari o‘z xizmat vazifalari doirasida fuqarolarning murojaatlarini ijobiy hal qilish orqali aholining mamlakatimizda amalga oshirilayotgan inson manfaati yo‘lidagi islohotlarni qalban his qilishiga undamoqda.
Shular qatori, 10 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasiga doimiy yashash uchun kelganligini, lekin, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olishga qiynalayotganligini bildirib, holat yuzasidan yashaganlik faktini belgilashda amaliy yordam berishni so‘rab yo‘llagan murojaati bo‘lim tomonidan o‘rganib chiqildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga ushbu shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida 15 yildan ortiq doimiy yashaganlik faktini belgilash to‘g‘risida ariza kiritildi. Mazkur sudning bu bo‘yicha hal qiluv qarori asosida Taxiatosh tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan 10 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti (identifikatsiya ID-karta) topshirildi.
Yangi yil bayrami arafasida ularning yillar davomidagi armoni ushaldi. Ular endilikda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida ko‘plab huquqlardan erkin foydalana oladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri