Davlatimiz rahbari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida so‘zlagan nutqidan tegishli xulosa chiqargan yangi saylangan deputatlar joylarda saylovchilar ishonchini oqlashga kirishib ketdi. O’zLiDePdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Alisher Djumanazarovning o‘zi saylangan hudud Nukus tumani saylovchilari bilan uchrashuvda ayrim ko‘chalarda ta’mirlash ishlarini olib borish, yog‘ingarchilik paytida yo‘llardan fuqarolarning o‘z manzillariga yetib borishida qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytib murojaat qilgan edi.

Har bir murojaat ortida inson qadri turganligini his etgan xalq vakili shu kunning ichida o‘z hisobidan “Namunali makon”, “Dehqon arna” mahalla fuqarolar yig‘inlari, “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘ini, “Aqmang‘it” shaharcha fuqarolar yig‘inidagi ayrim ko‘chalarga qum shag‘al aralashmasi yotqizish ishlarini boshlab yubordi.

Jumladan, mazkur hududlardagi jami 1,4 kilometr oraliqdagi ichki yo‘llarda ta’mirlash ishlari olib borildi.  Har bir saylovchining murojaati imkon qadar ijobiy hal qilinsa, aholining deputatlarga bo‘lgan ishonchi yanada ortishi tabiiy.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.