Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning axborot sohasi vazirlari, mutasaddi vakillari, yuqori martabali mansabdor shaxslar ishtirokida Media va axborot bo‘yicha Ishchi guruhning 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Media forumning birinchi qismida “Axborot sohasida TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari” yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi.

TDT Kotibiyati tadqiqot eksperti Almagul Serkbayeva o‘z nutqida media va axborot sohasidagi hamkorlikni keng qirrali munosabatlar doirasida asosiy yo‘nalish sifatida rivojlantirish, axborot sohasidagi vazirlar yig‘ilishlarini, Ishchi guruh majlislarini har yili o‘tkazish, forumlar tashkil etish, seminarlar, o‘quv dasturlari va tajriba almashish tadbirlari orqali hamkorlikni kengaytirish borasida to‘xtaldi.

Tadbirda Qirg‘iziston Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vazirligining Axborot va siyosat boshqarmasi boshlig‘i Salkin Sarnagoyeva TDT Jurnalistlar assotsiatsiyasini tuzish taklifini ilgari surdi. U o‘z nutqida Jurnalistlar assotsiatsiyasi  TDTga a’zo davlatlar ommaviy axborot vositalari xodimlarining mustaqil jamoat birlashmasi bo‘lishini, assotsiatsiya hech qanday siyosiy yoki diniy mafkuraga bog‘liq bo‘lmasligi, o‘z muhri va bank hisoblariga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Uning aytishicha, TDT Jurnalistlar assotsiatsiyasi tenglik va qonuniylikda ixtiyoriylik tamoyiliga asoslanadi.

Sammit doirasida Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining tashriflari davomida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish chora-tadbirlari, hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida TDTga a’zo mamlakatlarning ko‘zga ko‘ringan yetuk media eskpertlari, axborot agentliklari, OAV vakillari, mutasaddilari ishtirokida Media forum bo‘lib o‘tdi. Unda “Axborot sohasida TDTga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari” yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Ahror Burhonov o‘z ma’ruzasida TDTning axborot sohasidagi hamkorligini mustahkamlashning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

– Markaziy Osiyodagi tendensiyalar bilan tanish bo‘lganlarning aksariyati mintaqamiz umumiy muammolar sari birlashish va murosaga tayyorgarlik borasida namuna ko‘rsatganini yaxshi biladi, – dedi u. – Bu haqiqatan ham barchaning farovonligini ta’minlovchi noyob hodisadir. Ushbu o‘zgarishlar haqida eng aniq ma’lumotlarni yetkazish uchun TDTga a’zo davlatlardagi ommaviy axborot vositalarining sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimdir.

Forumning panel yig‘ilishida so‘zga chiqqanlar dezinformatsiyaga qarshi kurashish borasida erishilgan natija va yutuqlar, mavjud kamchiliklar, muammolar, ularga samarali yechim topishda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taqdimotlar qildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boshqarma boshlig‘i Marat Aitov рақамли asrda dipfeyk, kiberjinoyat va boshqa shakllarda tobora murakkablashib borayotgan dezinformatsion oqimlarga qarshi kurashish masalasi har qachongidanda dolzarbligi, aholi media savodxonligini oshirish samarali yechimlardan biri ekanligini ta’kidladi.

Muharrama Pirmatova, Asliddin Alijonov (surat), Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA